SHHT doirasidagi elektron savdoda O‘zbekiston ulushi ortmoqda
2023 yilda Sian shahrida bo‘lib o‘tgan “Xitoy–Markaziy Osiyo” maqomidagi davlat rahbarlarining uchrashuvida o‘zaro hamkorlik deklaratsiyasi imzolangan edi. O‘shandayoq Sindaodagi Shanxay Hamkorlik Tashkilotining iqtisodiy hududida “Buyuk ipak yo‘li”ning elektron savdo xizmati tashkil etildi. O‘tgan qisqa vaqt ichida uning elektron maydoni va axborot bazasidan foydalanuvchi mamlakatlar soni 31 taga yetdi. O‘zbekiston esa elektron savdo hajmini faol oshirayotgan mamlakat sifatida qayd etildi.
Yana bir raqam. 2024 yilda SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi tovar aylanmasining 51 foizi aynan Sindaodagi elektron savdolar markazi orqali qayd etilgan. Bu esa salkam 300 milliard dollarni tashkil qiladi.



“Buyuk ipak yo‘li” elektron savdo markazi yirik birikma bo‘lib, uning tarkibida savdoga qo‘yilgan tovarlar ko‘rgazmasi, 6,8 mln tonna sig‘imga ega omborlar va transport – logistika majmuasi mavjud. Masalan, Sindaodan Moskvaga yo‘l olgan yuk transportlari eng qisqa vaqt – 7 kunda manzilga yetib boradi. Holbuki oraliq masofa 9 ming kilometrni tashkil etadi. Lekin yuklar Sindaodagi elektron savdo markazida bojxona tekshiruvidan o‘tkazilib to‘xtovsiz harakat ruxsatnomasini oladi. Shuning uchun ular yoqilg‘i quyish uchungina to‘xtaydi xolos. Bunday tezlik temir yo‘l bilan raqobatlasha oladi.



– Avtotirkamalarimiz elektron savdo xaridorlari bo‘lgan Rossiya, Belarus, Armaniston, Turkiya, Turkmaniston, O‘zbekiston, Afg‘oniston, Qozog‘iston kabi o‘nlab mamlakatlardagi mijozlarga xizmat ko‘rsatmoqda, – deydi logistik kompaniya menejeri Chen Chjen. – Ortga qaytishda meva, go‘sht va sanoat mahsulotlarini olib kelishadi. Shu yil 17-18 iyul kunlari Sindaoda o‘tadigan EKSPO ko‘rgazmasidan so‘ng Shanxay Hamkorlik Tashkilotining elektron savdo markazi tizimida qayd etiladigan O‘zbekiston ulushi yangi mahsulotlar hisobiga yanada ortishi kutilmoqda.
Muhammadjon Obidov, O‘zA