SHHT doirasida texnik tartibga solish bo‘yicha hamkorlik kuchaytirilmoqda
Moskva shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga a’zo davlatlarning standartlashtirish sohasidagi hamkorligiga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari ham faol ishtirok etdi.
Bu haqida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbir davomida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish SHHT faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, ko‘p tomonlama amaliy hamkorlikni yanada faollashtirish, texnik jihatdan tartibga solish tizimlarini o‘zaro yaqinlashtirish hamda savdodagi notarif to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.

Yig‘ilish kun tartibidan standartlashtirish sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish, mahsulotlar sifati va xavfsizligini ta’minlashda bozor nazorati mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kabi dolzarb masalalar ham o‘rin oldi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari tomonidan SHHTga a’zo davlatlar bilan texnik jihatdan tartibga solish va standartlashtirish sohasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator tashabbus va takliflar ilgari surildi. Xususan, mahsulotlar sifatini baholash, texnik reglamentlarni uyg‘unlashtirish va raqamli standartlashtirish tizimlarini joriy etish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida texnik jihatdan tartibga solish va standartlashtirish tizimini yanada rivojlantirish, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Shuningdek, yig‘ilish doirasida Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy va Qirg‘iziston delegatsiyalari vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilib, istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur hamkorlik mintaqada savdo munosabatlarini yanada rivojlantirish, mahsulotlar sifati va xavfsizligini ta’minlash hamda xalqaro standartlarga muvofiq yagona yondashuvlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sh. Mamaturopova, O‘zA