Sheʼr aziz olam aro
Tanlovning tuman va shahar bosqichlari mahallalarimizda adabiyotga mehr qoʻygan, buyuk shoirlarimiz asarlaridan boxabar raislar koʻpligini yana bir karra isbotladi.
Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!
Poytaxtimizdagi “Turkiston“ saroyida Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida mahalla raislari oʻrtasida tashkil etilgan “Sheʼr aziz olam aro“, deb nomlangan tanlovning mamlakat bosqichi boʻlib oʻtdi.
Milliy anʼana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularning mohiyatini yosh avlodga bezavol yetkazish, xalqimizning kitobxonlik madaniyatini yanada oshirishda mahalla institutining ahamiyati beqiyosdir. Badiiyatga, sheʼriyatga oshnolik, yaxshi kitobga muhabbat insonni kamolot sari yetaklaydi. Adabiyotga mehri baland boʻlgan rais boshqarayotgan mahallada ijtimoiy-maʼnaviy muhit sogʻlom va barqaror, turli jinoyatlardan holi boʻladi.
Aholi orasida kitobxonlikni keng targʻib etishda mahalla institutining oʻrni va ahamiyatini tobora kuchaytirish, fuqarolar yigʻinlari raislarining tanlovdagi ishtiroki orqali mahallalarda kitobxonlikni yanada rivojlantirish, sheʼriyatga oshno mahalla raislarni ragʻbatlantirish maqsadida mahalla raislari oʻrtasida sheʼrxonlik tanlovi uch bosqichda yuqori saviyada tashkil etildi.
Ushbu tanlov “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!“ shiori ostida barchamiz uchun eng ulugʻ va eng aziz bayram – ona Vatanimiz mustaqilligining 28 yilligiga arafasida oʻtkazilayotgani bilan ahamiyatlidir. Tanlovning mahallalar, tuman, shahar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichi yuqori saviyada, bayramona kayfiyatda oʻtkazildi.
Tanlov Nizomiga koʻra, dastlabki shart asosida ishtirokchilar oʻzbek mumtoz adabiyotini qay darajada bilishi va atoqli shoirlarimiz ijodidan namunalarni yoddan oʻqish isteʼdodini namoyish etdilar. “Ifodali oʻqish“ deb nomlangan ikkinchi shartda esa ishtirokchilar zamonaviy oʻzbek sheʼriyati yoki jahon sheʼriyati durdonalaridan namunalarni oʻqidilar.
Tanlovning tuman va shahar bosqichlari mahallalarimizda adabiyotga mehr qoʻygan, buyuk shoirlarimiz asarlaridan boxabar raislar koʻpligini yana bir karra isbotladi.
Ijodiy loyihaning respublika bosqichida mahalla raislari adabiyot, sheʼriyatga doir bilimlarini namoyish etish bilan birga “Ijodim senga, mahallam“ deb nomlangan shart asosida oʻzlari faoliyat olib borayotgan mahalla, undagi maʼnaviy-maʼrifiy muhit haqida qisqacha sahna koʻrinishini hakamlar hukmiga havola etdilar.
Tanlovning barcha shartlarida yuqori oʻrinlarni qoʻlga kiritgan mahalla raislari maxsus diplom va tadbir tashkilotchilarining esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.