"Shaxtyor" Chempionlar ligasi uchun "Chelsi" stadionini tanlamoqchi
BBC Sport ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida muzokaralar davom etmoqda, biroq hozircha yakuniy kelishuvga erishilmagan.
Donetskning "Shaxtyor" klubi 2026/27-yilgi Chempionlar ligasidagi uy uchrashuvlarini Londonda o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Jamoa uchun asosiy variant sifatida "Chelsi"ga tegishli "Stemford Brij" stadioni belgilangan.
BBC Sport ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida muzokaralar davom etmoqda, biroq hozircha yakuniy kelishuvga erishilmagan. "Shaxtyor" Londondagi "Kreyven Kottej" va "Jitex Kommuniti" stadionlarini ham muqobil variant sifatida ko‘rib chiqqan. Shunga qaramay, klub "Stemford Brij"ni ma’qul ko‘rmoqda.
Bu imkoniyat "Chelsi"ning Angliya Premyer-ligasida 10-o‘rinni egallab, 2026/27-yilgi mavsumda yevrokuboklarga yo‘llanma ololmagani ortidan paydo bo‘ldi. Shu sababli stadion UEFA musobaqalari o‘tkaziladigan kunlarda bo‘sh bo‘ladi.
"Shaxtyor" Ukrainada davom etayotgan harbiy harakatlar tufayli Chempionlar ligasidagi uy o‘yinlarini mamlakat tashqarisida o‘tkazib kelmoqda. Donetsk klubi avvalgi mavsumlarda Polsha, Germaniya va Sloveniyadagi stadionlardan vaqtinchalik uy arenasi sifatida foydalangan.
Ukraina chempioni 2026/27-yilgi Chempionlar ligasining asosiy bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olgan. Klubning Londonda o‘ynashi poytaxt va uning atrofida istiqomat qiladigan ukrainalik muxlislarni uchrashuvlarga jalb qilish imkonini ham beradi.
"Shaxtyor"ning "Stemford Brij"da o‘ynashi uchun stadion egasi bilan kelishuvdan tashqari, mahalliy mutasaddilar va UEFAniki tegishli ruxsatlari ham talab etiladi. BBC ma’lumotlarini keltirgan ESPNga ko‘ra, hozircha uchrashuvlarning qayerda o‘tkazilishi bo‘yicha rasmiy qaror qabul qilinmagan.