Shaxmatda yangi era: tarixiy olimpiadaga sanoqli kunlar qoldi
Bugungi davrda sport faqatgina jismoniy musobaqa bo‘lib qolmay, balki har bir xalq va davlatning intellektual salohiyati, madaniyati va xalqaro maydondagi nufuzini namoyish etadigan muhim omilga aylandi. Sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, “aql gimnastikasi” hisoblangan shaxmatga qaratilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik mamlakatimizda yangi intellektual uyg‘onish — Renessans poydevorini qo‘yishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekistonda shaxmatni tizimli rivojlantirish, uni bog‘cha yoshidagi bolalardan tortib oliy o‘quv yurtlari talabalarigacha ommalashtirish va iqtidorli yoshlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha uzoq muddatli, puxta o‘ylangan davlat siyosati amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Yurtimiz oldindan salohiyatli shaxmat maktabiga ega. Bugun ham bolalar o‘rtasida "aql gimnastikasi"ga qiziqish katta. Biz bu sohada aniq maqsadga yo‘naltirilgan qaror va dasturlarni qabul qildik. Nima uchun? Yoshlarimizning ulkan salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni jahon maydonida munosib raqobat qila oladigan yangi avlod vakillari etib tarbiyalash uchun. Har bir bilimli, intellektual salohiyatli yosh — Vatan himoyachisidir”.
Ana shunday tizimli va izchil e’tibor va qo‘llab-quvvatlash o‘z mevalarini berdi. 2022-yilda Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasining tarixiy g‘alabasi, shuningdek, yosh grossmeysterlarimizning nufuzli xalqaro turnirlarda ketma-ket shohsupaga ko‘tarilishi mamlakatimizning bu sohadagi imkoniyatlari nakadar yuqori ekanini butun dunyoga isbotladi. Mana shu yutuqlar va yuqori xalqaro e’tirofning amaliy natijasi sifatida, O‘zbekiston tarixida misli ko‘rilmagan yirik aql-zakovat anjumaniga mezbonlik qilish huquqiga ega bo‘ldi.
Tarixiy voqea: Butunjahon shaxmat olimpiadasi Samarqandda
Samarqand shahrida joriy yilning 15–27-sentabr kunlari 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi, 3-paralimpiyada va FIDE ning 97-kongressi bo‘lib o‘tadi. Bu musobaqa nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan Butunjahon shaxmat olimpiadasi hisoblanadi. Dunyo ahlining e’tibori yana bir bor sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lgan tarixiy Samarqandga qaratiladi.
Turnirning asosiy ko‘rsatkichlari va ko‘lami:
Ishtirokchilar geografiyasi: Musobaqada dunyoning qariyb 200 ta davlatidan jamoalar (ochiq va ayollar turnirlarida) qatnashishi kutilmoqda. Bu Butunjahon shaxmat olimpiadalari tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, rekord darajadagi ishtirokchilar sonini tashkil etadi.
O‘tkazilish joyi: nufuzli musobaqa Samarqand shahridagi eng muhtasham va zamonaviy majmualardan biri — “Ipak yo‘li” xalqaro ko‘rgazmalar markazida (Silk Road International Exhibition Center) tashkil etiladi. Markaz bir vaqtning o‘zida minglab sportchilar, murabbiylar, hakamlar, OAV vakillari va mehmonlarni qabul qilish uchun barcha texnik va logistik imkoniyatlarga ega.
Peshqadam jamoalar va favoritlar: Olimpiadada sayyoramizning eng kuchli grossmeysterlari, amaldagi jahon chempionlari va yetakchi terma jamoalari (AQSH, Hindiston, Xitoy, Germaniya, Gruziya va b.) kuch sinashadi. Mezbon sifatida O‘zbekiston ochiq va ayollar bahslarida bir nechta tarkib bilan ishtirok etish huquqiga ega bo‘lib, milliy jamoamiz asosiy favoritlar qatorida e’tirof etilmoqda.
Mezbonlikga puxta tayyorgarlik
Ayni paytda Samarqand shahrida mazkur nufuzli sport tadbiriga alohida va kompleks tayyorgarlik ko‘rilmoqda. FIDE vakillari tomonidan bir necha bor o‘tkazilgan inspeksiyalar natijasida o‘yin zallari, mehmonxonalar infratuzilmasi, transport, xavfsizlik va logistika tizimi eng yuqori xalqaro standartlarga to‘liq javob berishi ta’kidlandi. Musobaqani o‘tkazish orqali O‘zbekiston nafaqat sport sohasidagi yutuqlarini, balki boy tarixiy-madaniy merosini, yuksak mehmondo‘stligini hamda yirik global anjumanlarni muvaffaqiyatli tashkil eta olish salohiyatini dunyoga namoyish etadi.
Samarqand shahrida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining o‘tkazilishi shunchaki navbatdagi yirik musobaqa emas. Bu — mamlakatimizda shaxmatga, ilm-fan va intellektual rivojlanishga qaratilayotgan davlat siyosatining yuksak e’tirofi va yorqin amaliy natijasidir. Ushbu tarixiy Olimpiada xalqaro maydonda munosib raqobat qila oladigan yangi avlod shaxmatchilarini tarbiyalash, ming-minglab yoshlarni ushbu aql-zakovat sportiga yanada kengroq jalb etish va O‘zbekistonning intellektual mamlakat sifatidagi nufuzini dunyo miqyosida yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Samarqand taxtasida suriladigan har bir dona — yurtimiz kelajagi va yuksalishi sari tashlangan yana bir dadil qadam bo‘ladi.
A.G‘afforov,
O‘zA