Shaxmat turnirida kimlar g‘olib chiqdi?
Xalqaro shaxmat qoidalari asosida to‘qqiz turdan iborat shveysarcha tizim asosida o‘tkazilgan musobaqada Namangan viloyatining shahar va tumanlaridan kelgan yuzga yaqin iste’dod sohiblari “aql jangi”da intellektual salohiyatini namoyon qildi.
Ayni yoz faslida yoshlarning ta’til davrini maroqli va mazmunli o‘tkazish maqsadida Namangan viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi tashabbusi bilan bir qator ko‘ngilli tadbirlar hamda sport musobaqalari tashkil etilmoqda.
Ana shular jumlasidan bo‘lgan “Namangan yozi – 2026” klassik shaxmat turniri Namangan shahridagi “Yoshlar markazi” shaxmat klubida yuqori saviyada tashkil etildi.

Viloyat sport boshqarmasi, viloyat shaxmat federatsiyasi hamkorligida uyushtirilgan musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, barcha raqiblarini ortda qoldirgan Yangiqo‘rg‘on tumani vakili Xushnudbek Haydaraliyev g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ayollar ishtirokidagi bahslarda esa, Kosonsoy tumanidan kelgan Fotima Olimjonovaga teng keladigan raqib topilgani yo‘q.
Bundan tashqari, turnir doirasida 8, 10 va 12 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il va qizlar o‘rtasida ham alohida yosh toifalari bo‘yicha bellashuvlar tashkil etilib, unda har bir yosh toifasida eng yaxshi natijani ko‘rsatgan ishtirokchilar shohsupaga ko‘tarildi.

Tantanali taqdirlash marosimida barcha g‘olib-sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va pul mukofotlari taqdim qilindi.
Bu kabi musobaqalar yosh shaxmatchilarning aqliy salohiyatini rivojlantirish, yigit-qizlarning mahoratini oshirish hamda shaxmat sport turini keng ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri