Shaxmat reytingida O‘zbekiston yuksaldi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi joriy yil oktabr oyi uchun yangilangan reytingni e’lon qildi.
Samarqandda zo‘r muvaffaqiyat bilan o‘tkazilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining natijalari asosida shakllangan reytingda O‘zbekiston jamoalarining ham, shaxmatchilarning ham ko‘rsatkichlari avvalgi holatidan ancha yuksalishga erishdi.

Mahoratli shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov uch oylik tanaffusdan so‘ng Samarqandda ajoyib o‘yin ko‘rsatib, birinchi taxtada shaxsiy oltin medalni qo‘lga kiritdi va +18 reyting ochkosiga ega bo‘lgan holda FIDE reytingida 2779.5 ball bilan 5-o‘rinni band etdi.
O‘z navbatida omadli shaxmatchimiz Javohir Sindorov 2781.5 ball bilan TOP-100 likning 4-pog‘onasidagi o‘rnini mustahkamladi.

Biz uchun e’tiborli jihati, shaxmat olimpiadasida bir necha bor O‘zbekiston terma jamoasiga g‘alaba yurishini tuhfa etgan Nodirbek Yoqubboyev ilk bor +27 reyting ochkosini to‘pladi va faoliyatida birinchi marta 2700 balldan oshiq nuqtaga ko‘tarildi.
Oktabr oyining jahon shaxmat reytingida Magnus Karlsen 2823 reyting bilan 1-o‘rinda, Hikaru Nakamura va Fabiano Karuana keyingi kuchli uchlikni egallab turibdi.

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) e’lon qilgan davlatlar reyting ro‘yxatida O‘zbekiston bir pog‘ona yuqorilab, 5-o‘rinni egalladi.
Terma jamoamizning eng kuchli 10 nafar shaxmatchisining o‘rtacha reytingi 2637 ni tashkil etmoqda.
Milliy federatsiyalar reytingi AQSH, Hindiston, Xitoy va Rossiya kuchli to‘rtlikni tashkil etmoqda.
Ayollar jamoalari reytingida 10 nafar shaxmatchi qizlarimizning o‘rtacha reytingi 2236 ga yetishi tufayli O‘zbekiston ayollar terma jamoasi bir pog‘ona ko‘tarilib, TOP-100likda 20-o‘ringa chiqdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA