Shaxmat olimpiadasi: Abdusattorovning bugungi raqibi XVII jahon chempioni
Bugun, 23-sentabr kuni 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 7-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Mazkur turda Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Muhiddin Madaminovdan iborat O‘zbekiston-1 jamoasi Xitoy jamoasi bilan kuch sinashadi.

Unda Nodirbek Abdusattorov birinchi taxtada 17-jahon chempioni Din Lijen bilan, Javohir Sindorov qator xalqaro turnirlar g‘olibi, Osiyo chempioni Vey I bilan Nodirbek Yoqubboyev 2014-yilgi shaxmat olimpiadasi g‘olibi Yuy Yan’i bilan, Muhiddin Madaminov 27 yoshli Syanyuy Syuy bilan ro‘baro‘ keladi.

Shuningdek, ushbu turda O‘zbekiston-2 jamoasi Fransiya, O‘zbekiston-3 vakillari Janubiy Afrika jamoalari bilan kuch sinashadi.
Ushbu turda o‘tadigan Armaniston – AQSH, Angliya – Hindiston, Germaniya – Turkiya o‘yinlari olimpiadaning markaziy musobaqalari sifatida ko‘pchilikning e’tibor markazida bo‘ladi.

Xotin-qizlar musobaqasining 7-turida Afruza Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva, Guldona Karimova dona suradigan O‘zbekiston-1 jamoasi Sloveniyaga qarshilik ko‘rsatsa, O‘zbekiston-2 Tojikiston va O‘zbekiston-3 shaxmatchi qizlari Peru jamoasi bilan to‘qnash keladi.

Aytish joizki, ayollar o‘rtasidagi shaxmat olimpiadasining bugungi Xitoy – Qozog‘iston, Germaniya – Hindiston, Polsha – Gruziya, Ukraina – Bolgariya, Armaniston – Ozarbayjon bahslari sovrinli o‘rinlarga da’vogarlar musobaqasi sifatida talqin etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 11 ta turdan iborat shaxmat olimpiadasi 27-sentabrga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA