Shaxmat: Javohir Sindorov "Saint Louis Rapid & Blitz 2026” turnirida qatnashmoqda
AQSHning Sent-Luis shahrida “Grand Chess Tour” seriyasining navbatdagi bosqichi sanalgan “Saint Louis Rapid & Blitz 2026” turniri o‘tkazilmoqda. Unda mahoratli shaxmatchilar Fabiano Karuana (AQSH), Vinsent Keymer (Germaniya) Anish Giri (Niderlandiya), Jorden van Forest (Niderlandiya), Levon Aronyan (AQSH), Uesli So (AQSH), Praggnanandxa Rameshbabu (Hindiston), Lener Dominges Perez (AQSH), Avonder Liang (AQSH) qatorida hamyurtimiz Javohir Sindorov ham g‘oliblik yo‘lida kurash olib bormoqda.
Kecha xalqaro musobaqa dasturiga muvofiq, rapid yo‘nalishida 3 ta tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Iste’dodli shaxmatchimiz Javohir Sindorov ilk turda oq donalarda Anish Giri bilan, 2-turda qora donalarda Vinsent Keymer bilan durang o‘ynagan bo‘lsa, 3-turda oq donalarda Jorden van Forestni mag‘lub etdi.

Umumiy mukofot jamg‘armasi 200 ming AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning ortda qolgan 3 ta tur o‘yinlaridan keyin Javohir Sindorov qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 4 ochko bilan 3-o‘rinni band etib turibdi.
Musobaqada 5 ochko jamg‘argan Praggnanandxa Rameshbabu yetakchilik qilmoqda. Uni Uesli So va Sindorov 4 ochko bilan ta’qib etmoqda. Bugun, 3 avgut kuni “Saint Louis Rapid & Blitz 2026” musobaqasining rapid yo‘nalishida 4- va 5-tur o‘yinlari tashkil etiladi.

Dasturga binoan 9 ta turdan iborat rapid musobaqalari 5-avgustga qadar davom etadi. Shundan so‘ng 5-7-avgust kunlari 9 ta turdan iborat blits bahslari o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, turnirda shaxmatchilar “Grand Chess Tour”ning muhim reyting ochkolari bilan birga, 1-o‘rinni egallagan shaxmatchiga taqdim etiladigan 50 ming AQSH dollari uchun ham kurash olib borishadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA