Shaxmat: Abdusattorov Magnus Karlsen bilan kuch sinashadi
Samarqandda murosasiz bahslari bilan dunyo e’tiboridagi 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi jarayonida Xalqaro shaxmat federatsiyasi joriy yilning 10-20-noyabr kunlari Vengriya poytaxti Budapeshtda o‘tadigan “Total Chess World Championship Tour-2026” musobaqasida qatnashadigan shaxmatchilar ro‘yxatini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, mazkur musobaqada dona suradigan 24 nafar dunyoning eng kuchli grossmeysterlari nomi ma’lum bo‘ldi.
Biz uchun e’tiborlisi, Magnus Karlsen, Fabiano Karuana, Uesli So, Vinsent Keymer, Ardjun Erigaysi, Anish Giri, Alireza Firuzdjalar qatorida O‘zbekiston terma jamoasi sardori Nodirbek Abdusattorov ro‘yxatning 5-qatorida e’tirof etildi.

2027-yilgi jahon chempionati saralash musobaqalarining dastlabki xalqaro turniri sanaladigan “Total Chess World Championship Tour-2026” bahslarida, shuningdek, Levon Aronyan, Liyem Le, Jorden van Forest, Abximanyu Mishra, Shaxriyor Mamedyarov, Endryu Xong, Bibisara Asaubayeva, Vayshali Rameshbabu singari nomdorlar qatnashishi tasdiqlandi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, Nodirbek Abdusattorov singari 15 nafar eng kuchli shaxmatchilar “Total Chess World Championship Tour-2026” bahslaridan oldin, ya’ni joriy yil 3-15-oktabr kunlari Xalqaro shaxmat federatsiyasi va Norvegiya shaxmat federatsiyasi hamkorligidagi o‘tkaziladigan sinov musobaqasida ishtirok etadi.
Ushbu turnirda Abdusattorovdan tashqari erkaklar va ayollar o‘rtasidagi amaldagi jahon chempionlari Gukesh Dommaradju va xitoylik Szyu Venszyun, shuningdek, Magnus Karlsen, Vladislav Artemev, Ardjun Erigaisi, Maksim Vashe-Lagrav, Xikaru Nakamura, Fabiano Karuana, Vinsent Keymer, Anish Giri, Alireza Firuzdja, Rameshbabu Praggnanandxa, Vey I, Uesli So va Vishvanatan Anandga ishtirok etish taklifnomasi taqdim etilgan.
T. Ro‘ziyev, O‘zA