Shavkat Mirziyoyev: hali o‘zbek shaxmatchi qizlari ham Olimpiada shohsupasining eng yuqori pog‘onasiga ko‘tariladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Davlatimiz rahbari ayollar terma jamoalarimiz ham Olimpiadada katta iroda va matonat ko‘rsatganini ta’kidladi. Birinchi jamoa 11 turning yettitasida g‘alaba qozonib, dunyoning kuchli shaxmat mamlakatlari vakillari bilan tengma-teng kurashdi.
Afruza Hamdamova, Gulruxbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Nilufar Imomqo‘ziyeva, Guldona Karimova va boshqa shaxmatchi qizlarning mehnati alohida e’tirof etildi.
– Ishonaman, hali o‘zbek shaxmatchi qizlari ham Olimpiada shohsupasining eng yuqori pog‘onasiga albatta ko‘tariladi, – dedi Prezidentimiz.
Samarqanddagi uchinchi FIDE parashaxmat olimpiadasida terma jamoamiz ilk bor bronza medalini qo‘lga kiritdi. Selbi Kakishova yettita o‘yinda olti ochko jamg‘arib, o‘z taxtasida kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Abdulaziz Bahodirov shaxsiy hisobda bronza medalni qo‘lga kiritdi, Ahadxon Kimsanbayev esa birorta ham mag‘lubiyatga uchramadi. Prezidentimiz parashaxmatchilarning har biriga alohida tahsin bildirdi.
– Sizlar o‘z jasoratingiz, aql-zehningiz, irodangiz va tinimsiz mehnatingiz bilan minglab insonlarga juda katta ibrat va namuna ko‘rsatdingiz, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘zA