“Sharq tongi” gazetasi – 90 yoshda
Zominda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi va tuman hokimligi hamkorligida “Sharq tongi” gazetasining 90 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
“Sharq tongi”: kecha, bugun, ertaga” mavzusida tashkil etilgan ushbu tadbirda uyushma rahbar va mas’ullari, tuman hokimligi, faxriy jurnalistlar, yosh ijodkorlar, markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov, uyushmaning Jizzax viloyati bo‘limi rahbari, Jizzax viloyati teleradio kompaniyasi raisi Erkin Shermonov va boshqalar ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbirda so‘zga chiqib, “Sharq tongi” gazetasining 90 yilligi bilan yig‘ilganlarni chin dildan samimiy muborakbod etdi, bugungi kunda matbuot va so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirish, soha vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga davlatimiz rahbari tomonidan alohida e’tibor qaratilayotganiga to‘xtalib o‘tdi.
[gallery-13518]
Ma’naviy-ma’rifiy tadbir davomida Zomin tumani hokimligi muassisligida chop etilayotgan “Sharq tongi” gazetasining 90 yillik tarixi, rivojlanish bosqichi, tahririyatda mehnat qilgan marhum jurnalistlar xotirasi, gazetaning bugungi faoliyati haqida atroflicha so‘z bordi.
Sobiq ittifoq davrida 1926 yil Samarqand viloyati tarkibida Zomin tumani tashkil etilib, oradan 7 yil o‘tgach, 1933 yilning so‘ngi oylarida ushbu “Sharq tongi” gazetasi ilk bora “Kolxoz g‘alabasi” nomi bilan chop etila boshlagan.
– Ushbu nashrga 1933 yilda asos solingan bo‘lib, o‘sha yili gazetaning 4 ta soni, bir varaq, 2 sahifa bo‘lib, haftasiga bir marotaba chop etilgan. Gazetaning birinchi muharriri – o‘z davrining ilmli kishilaridan bo‘lgan marhum Qosim Xoldorov boshqargan. 1958 yilning 1 fevralidan boshlab gazeta “Sharq tongi” nomi bilan chop etib kelinmoqda, – deydi 20 yildan ziyodroq “Sharq tongi” gazetasiga muharrirlik qilgan, butun hayot faoliyatini matbuotga bag‘ishlagan, faxriy jurnalist Turdibek Nazarov.
– Men ham shu gazetada mehnat qilib, shu qozonda qaynab, ijodiy tovlanganimdan faxrlanaman, – deydi bir necha yillar “Sharq tongi” gazetasida oddiy muxbirlikdan tortib, bosh muharrirlikkacha bo‘lgan davrni bosib o‘tgan, faxriy jurnalist Xolmurod O‘rinboyev. – Eng bardoshli, matonatli, sabr-qanoatli kasb egalaridan biri bu jurnalistlar bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Shu sababdan ham “Sharq tongi” gazetasi 1933 yildan buyon, xalqimiz uchun o‘ta qiyin va murakkab bo‘lgan, qatag‘on yillarida, II Jahon urushining qonli davrida, urushdan keyingi tiklanish, sobiq ittifoqning iqtisodiy tanazulga yuz tutgan oxirgi yillarida, mustaqilligimizning ilk iqtisodiy qiyinchilik paytlari va bugungi gazeta va jurnallarning, ayniqsa, tuman gazetalarining iqtisodiy bazasi sayozlashib qolgan davrda ham gazetaning to‘xtab qolmay muntazam ravishda chop etib kelinayotgani fikrimning yaqqol isboti bo‘ladi, desam mubolag‘a bo‘lmasa kerak.
– “Sharq tongi” nafaqat viloyatimizdagi, balki respublikamizdagi otaxon gazetalardan biri hisoblanadi. Afsuski, gazetaning 1933 yilda chiqqan dastlabki sonlarini topishga muvaffaq bo‘lolmadik. 1934 yilda chop etilgan ayrim sonlarini arxivdan, nuroniy otaxon va onaxonlardan so‘rab surishtirib topdik, xolos. Gazetaning bizga ma’lum bo‘lgan dastlabki sonlaridan biri 1934 yil 19 avgust sanasi bilan chop etilgan. Bu gazetalar hozirda mo‘jazgina muzeyimizda saqlanib kelmoqda, – deydi “Sharq tongi” gazetasi bosh muharriri Xayrulla Siddiqov.
Respublikamizdagi har bir tuman ijtimoiy-siyosiy hayotida gazetaning alohida o‘rni bor, albatta. Ayni vaqtda yosh iqtidorli jurnalist Xayrulla Siddiqov boshchiligida “Sharq tongi” gazetasi 1 ming 200 nusxada, 4 sahifada, har oyda 2 marotaba chop etib kelinyapti. 2022 yildan boshlab gazeta o‘zining rasmiy veb-sayti, telegram kanali va ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasini yaratganligini ham shu o‘rinda ta’kidlash joiz.
Tantanali marosim so‘ngida, ko‘p yillar “Sharq tongi” gazetasida faoliyat ko‘rsatgan, nafaqadagi faxriy jurnalistlar va tahririyatning faol xodimlariga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uyushmaning viloyati bo‘limi hamda Zomin tumani hokimligi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
“Sharq tongi” gazetasining 90 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirning tantanali qismi nihoyasiga yetgach, shu gazetada faoliyat yuritib bu yorug‘ olamni tark etgan jurnalistlarning xonadonlarida bo‘lib, ularning farzandlari va yaqinlari holidan xabar olindi, ularga sovg‘a-salomlar tarqatildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA