Sharoit va imkoniyat bo‘lsa daromad o‘zi keladi
Toshkent viloyatida xorijdan qaytgan migrantlarni daromadli ishga jalb qilish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar o‘z natijasini bermoqda. “Mahalla yettiligi” bu jarayonda faollik ko‘rsatib, aholining taklifi, muammosi va sharoitini o‘rganmoqda.
Xususan, Oqqo‘rg‘on tumanida ham yaxshi tajriba shakllantirilgan. Bu yil 1-sektor hududidagi “Qahramon” mahalla fuqarolar yig‘inida “Sayxunobod tajribasi” asosida aholi tomorqalari va dehqon xo‘jaliklarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi. Xususan, 547 ta xonadon vakillariga tegishli 65,4 gektar yerda qizil lavlagi, karam, gul karam va sarimsoqpiyoz ekish choralari ko‘riladi. Bu jarayonda aholiga tomorqa xizmatlari ko‘rsatiladi.
Shu bilan birga, 2-sektor hududidagi “Navbahor” mahallasida “Bir kontr – bir mahsulot” tamoyili asosida 4 gektar yer maydonda karam va gulkaram yetishtirish loyihasi amalga oshiriladi. Buning uchun 200 million so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bunda buyurtmachi tomonidan aholi o‘rtasida karam va gulkaram yetishtirish bo‘yicha “Fyuchers” shartnoma imzolanadi. Rejaga ko‘ra, yalpi hosil 140 ming tonnani, foyda esa 920 million so‘mni tashkil etishi kutilmoqda. O‘z navbatida “Qo‘rg‘oncha” MFYda ham ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilishi reja qilingan.
ؘ– Mahallamizning asosiy drayveri baliqchilik va asalarichilik. Lekin aholi tomorqasida boshqa yo‘nalishlarda ham o‘zini-o‘zi band qilgan, – deydi mazkur mahalla hokim yordamchisi Husan Bahorov. – Ayniqsa, “Mahalla yettiligi” bilan birga hududdan xorijga ishlash maqsadida ketgan aholini qaytarib, bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratdik. Bu sa’y-harakatlarimiz o‘z natijasini berdi. Ularga tijorat banklaridan imtiyozli kreditlar ajratib, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashdik.
[gallery-22038]
Mahallada yashovchi Mashhura Abbosova turmush o‘rtog‘i bilan bir necha yil ilgari Rossiya Federatsiyasida ishladi. Biroq, musofir bo‘lib, oilasidan uzoqda topgan pulining barakasi bo‘lmadi. Shundan so‘ng er-xotin yana yurtimizga qaytgach hokim yordamchisi tavsiyasi bilan bedanachilikni yo‘lga qo‘ydi. Mana ikki yildan buyon ro‘zg‘origa baraka, ko‘ngillariga xotirjamlik oraladi.
– Oilaviy yetishmovchilikni to‘g‘rilash uchun o‘zga yurtda ishlashga majbur bo‘lgandik, – deydi M.Abbosova. – Hozir o‘sha paytlarni eslasam xato qilganimizni anglayman. Hovlimizda mingdan ziyod bedanalarni parvarishlaymiz. Kuniga 300-500 dona bedana tuxumini olamiz. Har bir tuxumning ulgurji bahosi 500 so‘mni tashkil etadi. Xaridorlarimiz ko‘p, mahalliy bozor va do‘konlardan ortmaydi. Bedana go‘shtini esa turli ovqatlanish nuqtalariga topshiramiz. Yaqinda mahalla hokim yordamchisiga kredit olish uchun murojaat qildik va imtiyozli 33 million so‘m kredit oldik. Bu orqali faoliyatimizni kengaytirishni maqsad qildik.
Hududdagi “Farhod va Charosxon” xususiy korxonasi rahbari Saidmuhammad Tursunov ham xorijiy davlatda ko‘p yillar parrandachilik xo‘jaliklarida ishladi.
– Sakkiz yil avval xonadonimizda ikki ming dona broyler jo‘jalarini parvarishladik. Undan so‘ng xorijga shartnoma asosida ishlash uchun ketdim. Uyga qaytgach, yana faoliyatimni davom ettirdim. Hozir yiliga 15 ming dona tovuqni go‘sht uchun boqamiz. Ilgari xorijiy davlatga ishchi bo‘lib borgan bo‘lsam, endilikda o‘z korxonamda o‘n nafar yoshni ish bilan band qildim, – deydi Saidmuhammad Tursunov.
Umuman olganda, tumanda tizim mutaxassislari sa’y-harakatlari bilan aholi bandligini ta’minlash, qonuniy tartibda xorijda shartnoma asosida ishlashga yo‘naltirish, kam daromadli migrantlarni esa qaytarib doimiy bandligini ta’minlash ishlari amalga oshirilmoqda.
A.Musayev, A. Alijonov (surat), O‘zA.