Shahrixondagi janjal yarashuv bilan yakun topdi
Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning mart oyida Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi magazinlardan birida bir zo‘ravon taxminan 14-15 yoshli bolani ayovsiz kaltaklagani aks etgan videotasvir tarqalib, keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan edi.
Ushbu holat bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi tuman prokuraturasi, ichki ishlar idoralari tomonidan o‘rganilib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrixon tuman sudida ko‘rib chiqildi.
Biz, “Mullaboy” mahalla fuqarolar yig‘ini idorasida Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrixon tuman sudi raisi Adhamjon Dadaxonov raisligida bo‘lib o‘tgan sayyor sud majlisida ishtirok etib, holatning tafsilotlari bilan tanishdik. Ayblanuvchi va jabrlanuvchi, ularning yaqinlari, mahalladoshlari, o‘qituvchilari, mutaxassislarning ko‘rsatmalari, fikr va mulohazalarini eshitdik.
Aslida videotasvirda aks etgan holat yuzaga kelishiga nima sabab bo‘lgan edi? Agar yoshi kattalar, ayniqsa, ayblanuvchi Lutfullo Toshmatov biroz mulohaza bilan ish yuritganida edi bunday ko‘ngilsiz holat yuz bermasligi mumkin edi.
Shahrixon tumani Mullaboy mahallasida yashovchi ikki voyaga yetmagan bola Muhammadaziz Saydaxunov va Hikmatullo Abdumannonov ko‘chada gaplashib turib janjallashib qoladi. Tumandagi 2-umumta’lim maktabining 7- sinfida o‘qiyotgan Muhammadaziz, shu maktabning 6- sinf o‘quvchisi bo‘lgan Hikmatulloni masxaralagani uchun “meni masxaralama” deb Hikmatulloni itarib yuboradi, jag‘iga ikki marta uradi. Tabiiyki, Hikmatulloni labi qonaydi, yuvib, artib, uyiga kirib ketadi. Muhammadaziz ham o‘z ishi bilan ketadi. Hikmatullo bilan birga bo‘lgan singlisi tog‘asi Lutfulloga telefon qilib, akasini bir bola urganligini aytadi.

Tog‘a gap nimada ekanligini so‘rab-surishtirmasdan Muhammadaziz maktabdan bo‘sh vaqtlarida sotuvchiga yordam berib, ish o‘rganayotgan magazinga borib uni uradi. Magazinda, yon-atrofda bo‘lganlar ularni ajratib qo‘yadi.
Tan jarohati olgan Muhammadaziz viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasida, so‘ng tuman shifoxonasida davolanib chiqadi. Sud-tibbiy ekspertiza xulosasi, shifokorlarning ta’kidlashicha, ayni paytda Muhammadazizning salomatligi yaxshi, uning salomatligi bo‘yicha jiddiy xavf yo‘q. Lekin profilaktika sifatida ma’lum muddat vaqti-vaqti bilan davolanib turishi zarar qilmasligi aytildi.
Shu o‘rinda bir mulohaza. Tan jarohati olgan Muhammadazizni xalq orasida “Besh yulduz” deb ataluvchi tuman markaziy shifoxonasiga olib borishganida, nima uchundir unga yordam ko‘rsatilmagan, uni qo‘shni Xoldevonbek mahallasidagi poliklinikaga olib borishlarini aytishgan. Har qanday kishida “Nega qabul qilinmaydi?, Nimaga yordam ko‘rsatmadi?” degan savol tug‘ilishi tabiiy. Sud jarayonida mazkur masalaga oydinlik kiritilmadi. Ehtimol, tuman tibbiyot birlashmasi mutasaddilari ushbu masalani o‘rganib qo‘ysa, foydadan xoli bo‘lmas edi.
– Farzandining kaltaklanishini ko‘rish har qanday ona uchun juda og‘ir, – deydi Muhammadazizning onasi Muhayyoxon Saydaxunova. – Uni kaltaklagan inson o‘rniga o‘z farzandini qo‘yib ko‘rsin edi. Bu qanchalar azobli, ayanchli ekanligini his etardi. O‘zim ko‘p dard chekdim, farzandimning sog‘-salomat unib-o‘sishini istayman. Bitta mahallada turib, bunday ish tutishi na qonunlarimizga, na dinimizga, na insoniylikka to‘g‘ri kelmaydi.

Sudda so‘z olgan tumandagi 2- umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Gulhayo Arslonova Muhammadaziz ham, Hikmatullo ham odobli o‘quvchilardan ekanligi, biror marta ham tengdoshlari bilan urishmaganini aytib o‘tdi.
– Ham ayblanayotgan, ham jabr ko‘rgan oila mahallamizda o‘z o‘rniga ega, hurmat topgan oilalardan, – deydi mahalla dasturxonchisi Azizaxon Sarimsoqova. – O‘zi bunday holatning bo‘lishi mahallamiz ahli uchun uyatli. Ular bir-birlarini kechirib, ahil-inoq bo‘lishsa, farzandlari ham ulardan o‘rnak olishadi. Kelgusida bir-birlari bilan do‘st, aka-uka bo‘lib ketishadi.
Sudda ayblanuvchi Lutfullo Toshmatov qilgan ishidan pushaymon ekanligi, mulohazasizlik qilganini qayta-qayta ta’kidladi. Qilgan ishi uchun mahalla ahlidan, Muhammadazizning oila a’zolaridan kechirim so‘radi.
– To‘g‘ri, men qiziqqonlik qilib, bolalar o‘rtasidagi janjal uchun Muhammadazizni urib, katta xato qildim, – deydi L. Toshmatov. – Buning uchun undan, onasidan, butun mahalladoshlarimdan uzr so‘rayman.
Jabrlanuvchi Muhammadazizning qonuniy vakili, ya’ni onasi M.Saydaxunova farzandining davolanishiga ketgan barcha sarf-xarajatlar Lutfullo Toshmatov tomonidan qoplab berilganligi, qolaversa, u qilgan ishi uchun pushaymonligi va kechirim so‘raganligi, qaramog‘ida 4 nafar farzandi borligi, qolaversa, mahalladoshlarining fikr-mulohazalarini hisobga olib, yarashish to‘g‘risidagi taklifga rozilik bildirdi.
Shunday qilib, sud jarayonida tomonlar o‘zaro kelishib, yarashuv yo‘lini tutdi. Sayyor sud majlisida tomonlarning yarashganligidan kelib chiqib, jinoyat ishi tugatildi va tegishli hukm chiqardi.
Faxriddin UBAYDULLAEV, Zuhriddin UMRZOQOV (surat), O‘zA