Shahrisabzning millioner dehqonlari
Mamlakatimizda tadbirkorlik qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Halol mehnatdan qochmagan, izlanuvchan, tashabbuskor yurtdoshlarimiz turli sohalarda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, katta-katta yutuqlarga erishayotgani, bundan esa davlat va jamiyat ham katta naf ko‘rayotgani bor gap.
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani misolida oladigan bo‘lsak, mazkur hududda ham kichik biznes jadal rivojlanyapti. Kimdir tomorqachilikda, yana kimdir hunarmandchilik, kasanachilik va boshqa yo‘nalishlarda mehnat qilib, izlanib, yaxshi daromad olish yo‘lini topgan. Bu esa hududning iqtisodiy salohiyati yuksalishi va odamlarning turmush farovonligi oshib borishini ta’minlamoqda.
Xabaringiz bor: meva, sabzavot, poliz kabi oziq-ovqat mahsulotlarini ochiq maydonlarda yetishtirib yaxshi daromad olish mumkin, biroq bularni issiqxona sharoitida yetishtirsa, samarasi yanada yuqori bo‘ladi. Amaliyotda ma’lum, oddiy issiqxona ochiq maydonga qaraganda kamida 3-4 baravar, yuqori texnologiyalar bilan jihozlanganda esa 10 baravar va undan ham ko‘proq daromad olish imkonini beradi. Deylik, pomidor yoki bodringni ochiq tomorqada mavsum davomida bir marta yetishtirish imkoni bo‘lsa, issiqxona sharoitida ularni ikki va hatto uch marotabagacha ekib, hosil olish mumkin.
Shahrisabz tumanida faoliyat yuritayotgan “Bekzod Malikov” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischilari ham shuni inobatga olgan holda issiqxona sharoitida sabzavot yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Ayni vaqtda jamiyat tasarrufidagi 5 gektarlik yirik issiqxona kompleksida bodring, pomidor, qalampir va bulg‘or qalampiri parvarishlanmoqda.
– Bu yil issiqxonaning 2 gektar maydoniga bodring, 2,5 gektariga pomidor va qolgan qismiga qalampir hamda bulg‘or qalampiri ekkanmiz, – deydi jamiyat ish yurituvchisi Alisher Rahmatov. – Ushbu ekinlar ko‘chatlarini fevral oyi boshida issiqxonaga o‘tqazgan edik. Ayni vaqtga kelib, bodringlarimiz tayyor bo‘ldi. Ularni peshma-pesh mahalliy iste’molchilarga bozorga yetkazib berayapmiz. Yana bir necha kundan so‘ng esa pomidor hamda qalampir va bulg‘or qalampirini ham bozorga chiqarishni boshlaymiz.
Alisher Rahmatovning aytishicha, joriy yilning yanvar oyida mamlakatimizda kuzatilgan qattiq sovuq mazkur korxonaning faoliyatiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmagan. Shu bois bu ekinlar hosili biroz kech tayyor bo‘lgan. O‘tgan yili esa mart oyining o‘rtalaridanoq bozorga pomidor va bodring chiqarishni boshlashgan ekan. Shunga qaramay, bu yil ham tadbirkor kattagina daromad olishni mo‘ljallab turibdi. Issiqxonadagi gurkirab yetilgan ekin va undagi g‘ij-g‘ij hosilni ko‘rib, ishbilarmonning mo‘ljalni baland olayotgani bekorga emasligiga o‘zingiz ham amin bo‘lasiz.
– Nasib bo‘lsa bu hosilni kamida ikki oy davomida bozorga chiqaramiz, – deydi Alisher Rahmatov. – Shundan so‘ng, ekinni olib tashlab, yerga biroz dam beramiz. Sentyabrning o‘rtalariga borib esa issiqxonaga ikkinchi marta ko‘chat o‘tqaziladi. Uning hosili noyabrning o‘rtalarida tayyor bo‘lsa, dekabr-yanvar oylari davomida mahsulotni bozorga olib chiqamiz.
[gallery-11426]
E’tiborli tomoni ushbu faoliyat ortidan 6 kishining doimiy ish bilan bandligi ta’minlangan. Mavsum davomida yana 50-80 nafar kishi ishga jalb etilib, qo‘shimcha daromad topish imkoniga ega bo‘lmoqda. Yana bir e’tiborga molik jihati bunday tashabbuslar boshqalarni ham issiqxonachilik bilan shug‘ullanishga undayapti.
Misol uchun bugun Shahrisabz tumanida ko‘pgina oilalar tomorqalarida kichik issiqxonalar barpo etib, samarasini o‘z faoliyatlari misolida ko‘rmoqda.
Tumanning Oqdaryo mahallasida yashovchi 76 yoshli Malohat Abdullayeva ham bundan to‘rt yil avval o‘g‘illari bilan birgalikda hovlisidagi 6 sotix tomorqani issiqxonaga aylantirgan edi. Bugun bu issiqxona oilaning haqiqiy daromad manbaiga aylandi.
– Issiqxonamizda markazlashgan isitish tarmog‘i yo‘q, – deydi onaxon. – Shu bois qishki mavsumda asosiy sovuqlar o‘tgach, fevral oyining ikkinchi yarmidan boshlab ekin ekamiz. Bu vaqtda issiqxonaning ichidagi tabiiy harorat ekinning rivojlanishi uchun yetarli bo‘ladi. Masalan, bu yil fevralning oxirlarida pomidor va bodring ekkan edik. Aprelning oxiri va may oyining ilk kunlaridan boshlab hosilni bozorga chiqaramiz. Ochiq maydondagi hosil yetilguniga qadar, biz mahsulotni sotib tugatamiz. Bu hosilni o‘zimiz uchun maqbul narxda sotish va yaxshi daromad olish imkonini beradi.
Ha, halol mehnatdan qochmagan, harakat qilgan, izlangan, intilgan odam tadbirkorlikning qaysi sohasida bo‘lmasin, o‘z yo‘lini topmoqda. Yangi-yangi loyihalarni amalga oshirishni uddalayapti.
Tumanning Xontepa mahallasida yashovchi Kamoliddin Nabiyev esa o‘zi ta’sis etgan “Fatxiddin Azizov” xususiy korxonasi tasarrufida yaxna ichimliklar ishlab chiqarish hamda suvni qadoqlash faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.
– Ikki yil avval zarur texnologiyalarni xarid qilib, yaxna ichimliklar ishlab chiqarishni boshlagan edik, – deydi tadbirkor. – Joriy yildan esa suvni filtrlab, qadoqlashni ham yo‘lga qo‘ydik. Bunda barcha jarayonlar zamonaviy texnologiyalar yordamida amalga oshiriladi. Dastlab suv bir necha bosqichda tozalanib, kerakli o‘lchamlardagi idishlarga qadoqlanadi. So‘ng mahsulotni ichki bozorga yetkazib beramiz.
E’tiborli tomoni tadbirkorning ushbu tashabbusi tufayli hududdagi 12 nafar fuqaro doimiy ish o‘rni va barqaror daromad manbaiga ega.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA.