Shahrisabz iroqi kashtachiligi: asrlardan kelayotgan hunar dunyoga yuz tutmoqda
Shahrisabzda asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan noyob kashtachilik an’analari bugun yana xalqaro maydonga chiqmoqda. Ayni kunlarda qadimiy shaharda “Iroqi kashtachilik” xalqaro festivali hamda “Ipak kashta jilosi” festivali va respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazilmoqda. 13–15-avgust kunlariga mo‘ljallangan tadbirlarda O‘zbekistonning barcha hududlaridan 100 nafarga yaqin hunarmand, shuningdek, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va Rossiyadan 23 nafar xorijiy hunarmand ishtirok etmoqda. Bu esa Shahrisabz kashtachilik maktabi va milliy amaliy san’at namunalarini xalqaro miqyosda namoyish etish, turli hunarmandchilik maktablari o‘rtasida tajriba almashish uchun muhim imkoniyat yaratmoqda. Festivalning o‘ziga xos jihati shundaki, bu yerda kashtachilik faqat ko‘rgazma yoki an’anaviy hunar sifatida emas, balki milliy madaniy meros, turizm, xotin-qizlar bandligi va kreativ iqtisodiyotni birlashtiruvchi muhim yo‘nalish sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Har bir naqshda tarix bor
Shahrisabz iroqi kashtachilik maktabi o‘zining yorqin ranglari, o‘ziga xos naqshlari va tikilish uslubi bilan boshqa hududlardan ajralib turadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning har bir hududida kashtachilikning o‘z maktabi mavjud. Samarqand, Toshkent, Nurota, Jizzax, Buxoro va Shahrisabz kashtachilik an’analari naqsh, rang va kompozitsiyasi bilan bir-biridan farq qiladi.
Shahrisabz maktabida bodomsimon gullar keng qo‘llanilib, kompozitsiyada “chor chiroq” deb ataluvchi naqsh alohida o‘rin tutadi. Uning ma’nosi to‘rt chiroq timsolida oilaviy xotirjamlik, fayzu baraka kabi ezgu tushunchalarni ifodalaydi. Yorqin sariq va qizil ranglar esa kashtalarga o‘ziga xos joziba bag‘ishlaydi.
Hunarmand Saodat Nizomova uchun bu san’at oddiy kasb emas, oilaviy meros. U kashtachilikni to‘rtinchi avlod vakili sifatida davom ettirayotganini, qizining esa beshinchi avlod sifatida bu hunarni o‘rganayotganini ta’kidlaydi.
– Kashtachilik onamning onasi Kumushbibidan menga meros bo‘lib qolgan. Oilaviy hunarmandchilik bilan shug‘ullanamiz. Hunarmandchilik markazi ochganmiz, bu yerda xotin-qizlar mehnat qilmoqda, – deydi Saodat Nizomova.
[gallery-30905]
Uning mahsulotlari xorijda ham qiziqish uyg‘otmoqda. Hunarmand 21 davlatda bo‘lgani, yaqinda Yaponiyada bo‘lib, mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzganini aytdi.
Ayniqsa, tabiiy ipakdan tayyorlanadigan iroqi kashtachilik mahsulotlaridagi har bir naqshning o‘ziga xos ma’nosi bor. “Chayonnusxa”, “oftobparaz”, “bodomnusxa”, “bodringnusxa” kabi naqshlar asrlar davomida shakllangan badiiy tafakkurning ifodasidir.
Merosni saqlash – uni zamon bilan uyg‘unlashtirish demak
Kashtachilikni rivojlantirishda an’anaviy merosni saqlab qolish bilan birga, uni zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashtirish ham muhim.
Hunarmand Parizod Xolmuhammedova har bir yangi mahsulotini yaratishdan oldin milliy kashtachilik maktablarini o‘rganishi, ularning an’anaviy naqsh va kompozitsiyalariga tayanishi haqida gapiradi.
Bu yondashuv milliy hunarmandchilikni faqat tarixiy meros sifatida saqlab qolish emas, uni bugungi bozor talablariga moslashtirish imkonini ham beradi.
Festival doirasida o‘tkazilayotgan ilmiy-amaliy anjuman va forumlarda ham aynan shu masalalar – an’anaviy kashtachilikni asrash, zamonaviy dizayn va kreativ industriyalar bilan uyg‘unlashtirish, milliy mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga olib chiqish hamda eksport salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Kashta ortidagi katta iqtisodiy imkoniyat
Bugun milliy hunarmandchilikni rivojlantirishning ahamiyati uning iqtisodiy imkoniyatlarida ham yaqqol ko‘rinadi. Kashtachilik orqali xotin-qizlar bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, sayyohlarga milliy mahsulotlarni taklif etish va eksport hajmini oshirish mumkin.
Festival doirasida “Ipak kashta jilosi” respublika ko‘rik-tanlovining o‘tkazilayotgani ham bu boradagi imkoniyatlarni yanada kengaytirmoqda. Tanlov “Eng yaxshi kashtado‘z”, “Eng yaxshi kreativ mahsulot yaratgan kashtado‘z”, “Eng mohir yosh kashtado‘z”, “Ipak-kashta mahsulotini eng ko‘p eksport qilgan tadbirkor”, “Eng mashhur milliy brend yaratgan kashtado‘z” hamda xotin-qizlar bandligini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan eng faol kashtado‘z kabi nominatsiyalarni qamrab olgan.
Qashqadaryo viloyati turizm sohasi mutaxassisi Dilfuza Aliyevaning ta’kidlashicha, festivaldan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri – viloyat milliy hunarmandchilik mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish, hunarmandchilikni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va hududga xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish.
– Iroqi kashtachilik qo‘l mehnati mahsuli. Unda ayollarimizning qadimdan avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan sabr-toqati, mahorati va murakkab naqshlarni yaratish san’ati mujassam. Festivalning muhim maqsadi milliy brendimizni jahon bozoriga olib chiqish va madaniy almashinuvni rivojlantirishdan iborat, – deydi u.
Shahrisabz – hunarmandlar shahri
Festivalning yana bir muhim voqeasi Shahrisabz shahriga “Butunjahon hunarmandlar shahri” maqomini beruvchi sertifikatni topshirish marosimidir.
Mazkur maqom bo‘yicha Butunjahon hunarmandlar Kengashi ekspertlari 2025-yil sentabr oyida Shahrisabzda o‘rganish ishlarini olib borgan. O‘zbekistonda Buxoro, Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlari bu xalqaro maqomga ega.
Bu e’tirof Shahrisabzning tarixiy hunarmandchilik maktabini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bilan birga, mahalliy ustalar uchun yangi hamkorlik va bozor imkoniyatlarini ochishi, shaharning madaniy-turistik salohiyatini yanada oshirishi kutilmoqda.
Zero, Shahrisabz qadimdan hunarmandchilik rivojlangan markazlardan biri bo‘lib kelgan. Bugun esa uning ko‘p asrlik an’analari yangi avlod qo‘lida davom etmoqda. Momolardan meros bo‘lib qolgan kashtachilik san’ati zamonaviy dizayn, turizm va eksport bilan uyg‘unlashib, yangi mazmun kasb etmoqda.
Eng muhimi, ipakka qadalgan har bir igna zarbida nafaqat nozik mehnat, balki xalqning tarixi, didi va orzu-umidlari aks etmoqda. Shahrisabzdagi bugungi festivallar ana shu merosni asrash, uni dunyoga tanitish va kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/vYk3cdSlOK4?si=KWdaLfDlF6dwVk0o" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari