Shahram G‘iyosov Pablo Kanoni mag‘lub etdi
AQSHning Orlando shahrida “Matchroom Boxing” va “DAZN” hamkorligida katta professional boks oqshomi o‘tkazildi.
Unda yarim o‘rta vazn toifasida hamyurtimiz Shahram G‘iyosov meksikalik Pablo Sezar Kanoga qarshi jang o‘tkazdi. O‘n ikki raundga mo‘ljallangan eliminator maqomidagi jang 11-raunddan so‘ng to‘xtatildi. Sababi, raund yakunidagi to‘qnashuvdan keyin Kano yiqilib tushdi va kutilmaganda oyog‘idan jarohat oldi.
Shundan so‘ng meksikalik bokschi jangni davom ettira olmasligini ma’lum qildi. Mazkur vaziyatga qadar Shahram G‘iyosov jangda katta ustunlikka ega edi. Ushbu holatdan so‘ng uch hakam ham 109:99 hisobida Sh.G‘iyosov g‘alaba qozonganini e’lon qildi. Darvoqe, jangning 3-raundida Shahram chap qo‘l zarbasi bilan raqibini nokdaun holatiga ham tushirib qo‘ydi.
Mazkur g‘alaba Shahramni WBA kamari uchun majburiy da’vogarga aylantirdi va u professional ringdagi 15-g‘alabasiga erishdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA