Shahnoza tanlovning mamlakat bosqichiga boradi
Andijonda “Adliya ayoli” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda viloyatdagi tuman, shahar adliya bo‘limlari yuridik xizmat ko‘rsatish, davlat xizmatlari markazlari, FHDYO organlari hamda yuridik texnikumda faoliyat olib borayotgan 8 nafar xotin-qiz belgilangan uchta shart asosida g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi.
Ishtirokchilar birinchi shartda huquqiy mavzudagi test savollariga javob berdi, ikkinchi shartda ish faoliyatida duch keladigan dolzarb muammolarni hal etish uchun qonunchilikka taqdim etish mumkin bo‘lgan takliflari eshitildi, uchinchi shartda esa stol tennisi bo‘yicha o‘zaro musobaqalashdi.
[gallery-13926]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Andijon viloyati yuridik texnikumi mutaxassislik fanlari o‘qituvchisi Shahnozaxon Sodiqova g‘olib bo‘lib, tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Ikkinchi o‘rin Paxtaobod tumani adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi xodimasi Lolaxon Mirdo‘sovaga, uchinchi o‘rin esa Andijon shahar adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi xodimasi Sayyoraxon Umarovaga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar viloyat adliya boshqarmasining diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari