Shaffoflik, qonuniylik va ezgu maqsad bilan
FOTOREPORTAJ
Majburiy ijro byurosi Farg‘ona shahar bo‘limi tomonidan shu yilning o‘tgan davrida murojaatlarni o‘rganish asnosida 267 nafar fuqaroning huquqi tiklanib, ularga jami 3,2 milliard so‘m mablag‘ undirib berildi.
Byuro faqat qarzdorlik undirish bilan cheklanib qolmasdan, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga keng ko‘lamli yordam ko‘rsatish, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga ham katta e’tibor qaratmoqda.
Davlat, yuridik va jismoniy shaxslar foydasiga yuz milliard so‘mlik mablag‘lar undirilib, soliq va davlat boji bo‘yicha qarzdorliklarning katta qismi qoplandi. Bu ko‘rsatkichlar byuro tomonidan olib borilayotgan tizimli va samarali ishning yaqqol isbotidir.
Aliment to‘lovlari masalasida ham sezilarli natijalarga erishilmoqda. 680 dan ortiq oila yarashtirilishi va 350 nafar aliment to‘lovchining ishga joylashtirilishi oilaviy munosabatlarni mustahkamlashga, bolalar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgani bilan g‘oyatda ahamiyatli. Bundan tashqari farzandlarini moddiy ta’minlamagan 105 nafar shaxs ma’muriy va 6 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi.
[gallery-24075]
MIB faoliyatida shaffoflikni oshirishga qaratilgan choralar tizimli davom ettirilmoqda. Sud qarorlarini my.gov.uz va soliq to‘lovchilar kabineti orqali yuborish, qarzdorlik to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yagona elektron reyestrga kiritish va ijrochilar ishini videoga yozib olish imkoniyatlari fuqarolar va tadbirkorlarga qulaylik yaratib, korrupsiyaviy holatlarning oldini olmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA