Yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan oziq-ovqatni realizatsiya qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda aholini xavfsiz va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
– Oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligiga oid talablarni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni qayta ko‘rib chiqish, huquqbuzarliklarni aniq tasniflash, mahsulotni realizatsiya qilganlik bilan bir qatorda uni sotish uchun qabul qilganlik uchun ham javobgarlik belgilash, takroriy huquqbuzarliklarga nisbatan kuchaytirilgan choralarni joriy etish zarurati yuzaga kelmoqda, - dedi Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdukarimova. – Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga iste’mol muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shartligi belgilangan oziq-ovqat mahsulotlarini ularni ko‘rsatmagan holda realizatsiya qilish hamda sotish uchun qabul qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishini nazarda tutuvchi tuzatishlar kiritilmoqda.

Javobgarlikni kuchaytirishdan asosiy maqsad – aholi salomatligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni savdo aylanmasidan barvaqt chiqarish va bunday holatlarning oldini olishdan iborat.
Senatorlar ma’qullagan qonun fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazilishi bilan bog‘liq holatlarning oldini olish, iste’molchilarning huquqlarini yanada samarali himoya qilishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA