“Sevinch”dan yirik g‘alaba: Qarshida Laos klubi 11:0 hisobida mag‘lub etildi
Shu kunlarda Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi “Markaziy” o‘yingohi OFK Ayollar chempionlar ligasi “S” guruh bosqichi saralash uchrashuvlariga mezbonlik qilmoqda. Guruhdan Butanning “Royal Thimphu College FC”, Birlashgan Arab Amirliklarining “Banaat FC”, Laosning “Master FC” va Qarshining “Sevinch” (PFK “Nasaf”) jamoalari o‘rin olgan. Kuni kecha ayollar o‘rtasidagi Osiyo Chempionlar ligasining saralash bosqichi doirasidagi muhim uchrashuvlardan biri bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan “Sevinch” (PFK “Nasaf”) jamoasi Laosning “Master FC” klubiga qarshi maydonga tushdi.
Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionda o‘tkazilgan bahsda vakillarimiz raqib darvozasiga 11 ta to‘p kiritib, o‘z darvozasi daxlsizligini saqladi. Uchrashuv 11:0 hisobida “Sevinch” jamoasi foydasiga yakunlandi.
Bu g‘alaba jamoamizning musobaqadagi keyingi uchrashuvlar oldidan muhim qadam bo‘ldi.
O‘yindan so‘ng Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov jamoa a’zolari, murabbiylar shtabi va futbol muxlislarini ushbu yirik g‘alaba bilan tabriklab, keyingi hal qiluvchi bahslarda ham omad tiladi.
E’tiborlisi, saralash bosqichidagi har bir uchrashuv jamoa uchun Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichiga yo‘llanma olish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
Qashqadaryolik futbol muxlislari esa “Sevinch” jamoasidan keyingi bahslarda ham munosib natijalar kutib qoladi.
[gallery-30944]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari