"Sevimli kasbimsiz hayotimni tasavvur qila olmayman"
Mamlakatimizda xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish, shuningdek, o‘zining ko‘p yillik samarali mehnati, yuqori kasbiy malakasi va mahorati bilan xalq farovonligini yuksaltirish yo‘lida katta hissa qo‘shayotgan qator ayollarni munosib e’tirof etish an’anaga aylangan.
Prezidentimizning joriy yil 4 martdagi “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, farzandlarimizni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga katta hissa qo‘shayotgan bir guruh opa-singillarimiz e’tirof etildi.
Ular orasida Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi 7-umumiy o‘rta ta’lim maktabining rus tili fani o‘qituvchisi, marafon yuguruvchisi Dilfuza Allayarova ham bor.
“Sog‘lom turmush” medali bilan taqdirlangan Dilfuza Allayarova 34 yilki sharafli kasb egasi bo‘lib, o‘quvchilarga rus tilidan ta’lim berib keladi.
–Men o‘qituvchilik kasbini onalikka qiyoslayman, – deydi qahramonimiz. – Chunki, har bir o‘quvchining tashvishi, muammolari, xohish va istaklarini qo‘shilib his qilasiz. Ular xursand bo‘lsa, xursandsiz, bemor bo‘lsa, qo‘shilib aziyat chekasiz. Ularning ertangi kuni mas’uliyati mudom yelkangizda bo‘ladi. Bajaradigan yumushim mashaqqatli bo‘lsa ham, sevimli kasbimsiz hayotimni tasavvur qila olmayman. O‘qituvchilik qiyin kasb, ammo sharafli vazifa.
Oliygohni tugatganimdan so‘ng, hech ikkilanmay maktabda bolajonlarga saboq berishga qaror qildim. Umrimning salkam 40 yilini ilm yo‘liga bag‘ishladim. Minglab bolalarning mustaqil hayotga uchirma bo‘lishlariga o‘z hissamni qo‘shdim.
To‘g‘risini aytsam, ish bo‘yicha qator xorij davlatlaridan, qo‘shni mamlakatlardan takliflar ko‘p bo‘lgan. Ammo ularning hech biri meni chin ma’noda qiziqtira olmadi. Sababi maktabni, bolalarni, jonajon kasbimni juda yaxshi ko‘raman. Bugungi e’tirofdan anglayapmanki, men to‘g‘ri qaror qabul qilganman. Davlatimiz rahbarining bu bu yuksak e’tiboridan juda mamnunman.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA