Seul Yaponiyaga norozilik bildirdi
Koreya Respublikasi hukumati Yaponiya tashqi ishlar mahkamasi rahbari Yosimasi Xayasining Tokto orollarini Yaponiya tarkibiga kirishi to‘g‘risidagi bayonotiga qarshi Tokioga norozilik nomasi yubordi.
“TASS”ning Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi saytidagi ma’lumotga asoslangan xabariga ko‘ra, kun chiqar yurt hukumati yaponchasiga “Takesima” ataluvchi Tokto orollariga nisbatan “bizniki” degan da’vosini bas qilishi lozim.
“Orollar geografik, tarixiy jihatdan va xalqaro huquq me’yoriga ko‘ra, bizning hududimiz”, dedi janubliklar tashqi ishlar mahkamasi vakili Chxve Yon Sam. Uning so‘zlariga ko‘ra, yapon rasmiylari tarixni to‘g‘ri qabul qilish ikki tomonlama munosabat rivojiga xizmat qilishini unutmasligi kerak.
Koreya yarim oroli sharqidagi 0,188 kvadrat-kilometrli kimsasiz Tokto oroli Koreya Yaponiya mustamlakasidan mustaqil bo‘lgan 1945 yildan buyon ikki davlat o‘rtasidagi bahsli manzil hisoblanadi. Hozir hudud Janubiy Koreya nazoratida.