Servitut instituti takomillashtirilishi — olimlar nigohida
Mamlakatimizda yer munosabatlari sohasida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini ishonchli tarzda himoya qilishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, yer uchastkalarini ijaraga olishda ijara munosabatlarining o‘ziga xos xususiyatlarini aniq belgilash, o‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini amalga oshirish tartibi takomillashtirildi.
Jamoat ehtiyojlari uchun ommaviy servitut belgilashni huquqiy jihatdan tartibga solish maqsadida 2023 yil 23 oktyabrda “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Shu asosda Fuqarolik kodeksi yangi moddalar bilan to‘ldirildi.
Toshkent davlat yuridik universitetida “Servitut institutini takomillashtirish masalalari — olimlar nigohida” mavzusidagi o‘tkazilgan davra suhbatida shu haqda so‘z yuritildi.
Universitet pedagog-xodimlari va iqtidorli talabalar ishtirok etgan tadbirda jamoat ehtiyojlari uchun ommaviy servitut belgilashni huquqiy jihatdan tartibga solish zarurati yuzaga kelgani bois “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani qayd etildi.
[gallery-14333]
Mazkur qonun asosida jamoat ehtiyojlari uchun o‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (ommaviy servitut) qanday maqsadlarda olinishi belgilandi. Boshqa maqsadlarda ommaviy servitut belgilash taqiqlandi.
Amalda ijara munosabatlarining ob’ektga bo‘lgan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berish) tartibi belgilanmagan edi.
Endilikda qonun bilan ijara munosabatlarining ob’ektlari bo‘yicha huquq va majburiyatlar ijaraga beruvchining roziligi bilan ijaraga oluvchi tomonidan boshqa shaxsga o‘tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkin. Bundan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari mustasno.
Yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini yangi muddatga uzaytirish zarurati mavjud edi. Endilikda yangi qonun bilan ijaraga olish shartnomasi muddati tugaganidan keyin yangi muddatga shartnomani uzaytirishda ijarachi oldingi shartnomada ko‘rsatilgan talablarni lozim darajada bajargan bo‘lsa, boshqa shaxslarga nisbatan ustun huquqqa ega bo‘lishi Yer kodeksiga kiritildi.
Qonun ijara munosabatlari yanada kengayishiga, servitut belgilash bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlarining huquqlari ishonchli himoya qilinishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA