Sergey Fomin Xitoydagi xalqaro turnirda o‘ynamoqda
Xitoyda Professional tennischilar uyushmasi (ATP) tomonidan “Challenger” turkumiga kiruvchi “Wuning Open 1” xalqaro turnirida hamyurtimiz Sergey Fomin muvaffaqiyatli start oldi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Sergey nufuzli musobaqaning asosiy to‘r bahslari birinchi davrasida avstraliyalik Moerani Buzige ustidan uch setdan – 6:4, 1:6, 7:6 hisoblarida zafar quchdi. Shu tariqa ikkinchi bosqichga yo‘l olgan tennischimiz endi Buyuk Britaniya vakili Garri Vendelken bilan raqobatlashadi.
Shuningdek, mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Sergey Fomin juftlik bellashuvlarida yaponiyalik Ryuki Matsuda bilan tandem hosil qilib, ilk davrada avstraliyalik Joshua Charlton hamda Buyuk Britaniya sharafini himoya qilayotgan Ben Jones duetiga qarshi kortga chiqadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA