Serbiya O‘zbekiston bilan erkin savdo bitimini tuzish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Serbiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha ikki davlat hukumatlararo komissiyalarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida Serbiya Respublikasi Iqtisodiy aloqalar vaziri Nenad Popovich ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik istiqbollari haqida intervyu berdi.
Vazirning ma’lum qilishicha, Serbiya va O‘zbekiston o‘rtasida erkin savdo to‘g‘risidagi bitim tuzish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Bu ikki mamlakat mahsulotlarining o‘zaro bozorga erkin kirib borishiga yo‘l ochishi mumkin.
– Iqtisodiyotlarimiz bir-birini to‘ldiradi, – dedi Nenad Popovich. – Prezidentlarimiz o‘rtasida yuqori darajada do‘stona munosabat shakllangan. Endi iqtisodiy hamkorlikni ham shu darajaga olib chiqishimiz kerak.
Uning ta’kidlashicha, Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga rasmiy tashrifi bu borada yangi imkoniyat ochmoqda.
Vazir savdo va investitsiyalar, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati bilan bir qatorda, yangi texnologiya, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, robototexnika sohasida ham katta salohiyat borligini qayd etdi.
– Ishonchim komilki, Prezidentingizning tashrifi va erishiladigan kelishuvlar Serbiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi, – deya so‘zlarini tugatdi Serbiya Iqtisodiy aloqalar vaziri.
D.HAKIMOV,
O‘zA