“Sening tanloving – sening kelajaging”
Buxoro davlat universitetida o‘tkazilgan an’anaviy ochiq eshiklar kuni tadbiri shu shior ostida tashkil etildi.
Unda viloyatning turli hududlaridan 44 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey, texnikumlardan 2 ming nafardan ortiq bitiruvchilar, ularning ota-onalari qatnashdi.
– Maqsad o‘quvchilarning ilm-fan va kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, universitet va maktablar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, – deydi universitet rektori Obidjon Hamidov. – Tadbirda “Kelajakda kim bo‘lmoqchisiz?, “Siz tanlagan soha butun umringizga tatishi kerak”, “Sizning tanlovingiz kelajagingiz uchun muhim!” mavzularida yoshlar va ota-onalarga universitet haqida batafsil ma’lumot berildi.
Talabalar turar joyida yaratilgan sharoitlar, o‘quv zali, ma’naviyat va ma’rifat, madaniy dam olish, fan va badiiy havaskorlik, maishiy xizmat, “Beshta muhim tashabbus” yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garak xonalari, sport seksiyalari, kutubxona tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Buxoro davlat universitetidagi har bir fakultet faoliyati, salohiyati yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
–Jurnalist bo‘lish orzuim, – deydi Buxoro shahridagi 39-IDUM o‘quvchisi Shahnoza Matnazarova. – bugungi uchrashuvda kelajakdagi kasbim – Jurnalistika yo‘nalishi haqida ko‘p ma’lumotga ega bo‘ldim. Bu soha universitetda yangi ochilgan ekan. Uchrashuvdan olgan taassurotlarim kelgusi rejalarimni tuzishimda muhim ahamiyat kasb etdi.
Buxoro davlat universitetida bugungi kunda 30 ta bo‘lim va markazlar, 12 ta fakultet, 37 ta kafedra faoliyat yuritmoqda. Universitetda 24 ming 336 nafar talaba o‘qiydi. Ularning 23 ming 56 nafari bakalavriat, 1 ming 280 nafari magistratura yo‘nalishida tahsil oladi. Xorijiy hamkorlar bilan 13 ta qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda ularda 300 nafarga yaqin talaba tahsil oladi.
Universitet huzurida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi 14 ta ixtisoslik bo‘yicha jami 8 ta kengash faoliyat ko‘rsatadi. 2021 yilda universitetda faoliyat ko‘rsatayotgan pedagog xodimlardan 13 nafari fan doktori (DSc), 43 nafari falsafa doktori (PhD) doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi. Joriy yilda jami 60 nafar ilmiy pedagog-xodimlarning doktorlik dissertatsiyalari himoyalari rejalashtirilgan. 51 ta ta’lim yo‘nalishlari mavjud.
Tadbirda o‘quvchilarga bilim dargohida yangi o‘quv yili uchun abituriyentlar qabuliga oid yangiliklar haqida ham ma’lumot berildi.
[gallery-6705]
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA