Senatorlik masʼuliyatmi yoki vazifa?
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasini tinglaganimda Senator sifatida oldimda qanday masʼuliyat va ulkan vazifalar turganligini yana bir bor angladim.
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasini tinglaganimda Senator sifatida oldimda qanday masʼuliyat va ulkan vazifalar turganligini yana bir bor angladim.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2020-yil – “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish“ yili deb eʼlon qilindi.
Har bir yilga alohida nom berilishida ham ulkan hikmat bor. Sababi, jonajon Oʻzbekistonimizda bugungi kunda erishilgan natijalarimiz tarixga aylanib, oldimizga yangi-yangi vazifalarni qoʻymoqda. Bu vazifalarni amalga oshirish har birimizdan oʻz ishimizga vijdonan yondashib, men Vatanim taraqqiyotiga qanday hissa qoʻshdim, degan savolni koʻndalang qoʻyayotir.
Murojaatda ilm-maʼrifatga alohida eʼtibor qaratilishi bugungi kunning dolzarb masalasi deb oʻylayman. Zero, ulugʻ bobokalonimiz Imom al Buxoriy hazratlari aytganidek “Dunyoda ilmdan boshqa najot yoʻq, boʻlmaydi ham”.
Haqiqatdan ham Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek biz barcha sohalarda islohotlarni amalga oshirmoqdamiz, agar mana shu islohotlarning ishtirokchisi boʻlgan xalqimizning maʼnaviyati va maʼrifatini oshirmas ekanmiz oʻylagan marralarimizga erisha olmaymiz. Shunday ekan xalqimiz bugun jamiyatda islohotlar tashabbuskori boʻlishi kerak. Va eng asosiysi bu islohotlar natijasida xalqimizning turmush darajasi yaxshilanishi shart.
Muhtaram Prezidentimizning Oliy Majlisga murojaatlarini tinglar ekanman, koʻz oldimda bevosita mamlakatimizda soʻngi uch yilda amalga oshirilgan islohotlar natijasi gavdalandi.
Prezidentimiz taraqqiyotimizga gʻov boʻlayotgan korrupsiya illatiga alohida toʻxtalib, bu borada mamlakatimizda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi keskin kurashishimiz kerakligini taʼkidladi.
Bu borada Prezidentimiz “Davlat moliyaviy nazorati” va boshqa bir qator qonunlar yaratish fikrini ilgari surdi.
Prezidentimiz adolat borasida “Sud ostonasiga qadam qoʻygan har bir inson, Oʻzbekistonda adolat hukm surayotganiga toʻla ishonch hosil qilishi kerak” deb, taʼkidladi. Shuningdek, halollik vaksinasi bilan emlash, degan yangi iborani ham keltirdi. Bu nima degani, eng avvalo jamiyatda har birimiz korrupsiya illatiga, adolatsizlikka murosasiz kurashishimiz darkor. Shundagina oʻsib kelayotgan yosh avlod ongini Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish gʻoyasi bilan shakllantira olamiz.
Murojaatnomani tinglab, Oʻzbekiston tarixida qanday buyuk oʻzgarishlar davri boshlanayotganini shu yurtning, shu elning har bir fuqarosi qalban his qilishi shubhasiz. Prezidentimizning Oliy Majlisga yoʻllagan tarixiy Murojaatnomasi xalqimiz farovonligini, Oʻzbekistonimiz nufuzini yanada oshirish va yangi-yangi islohotlar davri boshlanishidan darak beradi.
Murojaatnomadagi yangiliklar:
- bogʻcha yoshidagi bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinishi joriy yilda 60% yetkaziladi;
- mamlakatimiz tarixida ilk bora 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi joriy qilinadi;
- 2020-yilda 36 ta yangi maktab quriladi, 55 ta xususiy maktablar tashkil qilinadi;
- joriy oʻquv yilidan boshlab, mutlaqo yangi professional taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Yaʼni 340 ta kasb-hunar maktabi, 147 kollej va 143 ta texnikum tashkil qilinadi;
- maktab bitiruvchilarini oliy taʼlimga qamrab olish 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkaziladi;
- Oliy taʼlimga talabalar qabul qilish davlat grantlari 2 barobar koʻpaytiriladi, qizlar uchun alohida grantlar ajratiladi;
- joriy yildan pedagogik taʼlimning 6 ta yoʻnalishi boʻyicha oʻqish muddati 3 yil qilib belgilanadi;
- joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya yoʻnalishlariga chuqur eʼtibor qaratiladi;
- 2020-yilda “El yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan 700 dan ziyod olimlar, professor-oʻqituvchilar chet elga malaka oshirish uchun yuboriladi;
- 2020-yilda Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida “IT-park”lar quriladi, rahbarlarning IT boʻyicha alohida oʻrinbosari lavozimi joriy etilishi;
- “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” dasturi ishlab chiqiladi;
- propiska tizimi isloh qilinadi;
- 1995-yilgacha Oʻzbekistonga kelgan va shundan buyon muqim yashayotgan shaxslarga avtomatik tarzda fuqarolik beriladi;
- paxta va gʻalla yetishtirishda davlat buyurtmasi bekor qilinadi;
- iqtisodiyotning raqamlashtirilishi, barcha sohalarda axborot-kommunikatsion texnologiyalarga oʻtiladi;
- Parlament roli kuchaytiriladi;
- soʻz erkinligi, OAV, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishlari uchun bundan keyin ham keng imkoniyatlar yaratiladi;
Iqtisodiyot sohasidagi muhim vazifalar
“Davlat moliyaviy nazorati toʻgʻrisida” va “Davlat qarzi toʻgʻrisida”gi qonunlar ishlab chiqiladi;
Iqtisodiyotni yuqori surʼatlar bilan rivojlantirish uchun faol investitsiyalar siyosati izchil davom ettiriladi;
Joriy yilda 206 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushiriladi;
Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda eksportni oldindan moliyalashtirish uchun – Eksport-kredit agentligi tashkil qilinadi;
Respublika va mahalliy byudjetlarning prognozdan yuqori tushumlarining yarmini infratuzilma obyektlari rivojlanishiga yoʻnaltiriladi;
IJTIMOIY SOHADAGI MUHIM VAZIFALAR
Kambagʻallikni kamaytirish dasturi ishlab chiqiladi.
2020-yilda davlat dasturlari doirasida hamda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali 500 mingta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
2020-yil davomida byudjet tizimi xodimlarining ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori inflyatsiyadan yuqori miqdorda oshiriladi.
Fuqarolar pensiyaga chiqishi uchun faqat pasport taqdim qiladigan boshqa hujjat talab qilinmaydigan tizim yaratiladi.
“Mehribonlik uylari”da tarbiyalangan yoshlarning ijtimoiy moslashuvi, ularni ish, uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha alohida dastur ishlab chiqiladi.
“Ijtimoiy sugʻurta toʻgʻrisida”gi qonun hamda aholini ijtimoiy himoya qilish konsepsiyasi ishlab chiqiladi.
Davlat tibbiyot tashkilotlari va aholini dori vositalari, tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashga 1,5 trillion soʻm ajratiladi.
281 ta tibbiyot muassasasini qurish va taʼmirlashga byudjetdan 1,1 trillion soʻm ajratiladi.
17 ta ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot muassasasini boshqarishda zamonaviy menejment joriy etiladi.
Qon va virusli kasalliklarni barvaqt aniqlash, davolash uchun malakali gematolog, virusolog va immunolog tayyorlash, dori-darmon va tibbiyot texnikasi uchun mablagʻlar koʻpaytiriladi.
Ixtisoslashgan markazlar va ularning filiallarida, Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida 2020-yil elektron tibbiy kartalar joriy etiladi.
Dorilarning real narxini “onlayn” tartibida kuzatib borish tizimi yaratiladi.
2020-yilda 5,5 ming nafar xotin-qizning kichik biznes loyihalariga 100 milliard soʻm miqdorida imtiyozli kredit beriladi.
1 ming 576 nafar xotin-qizga yangi uy-joylarga ega boʻlishi uchun byudjet hisobidan boshlangʻich badal toʻlab beriladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida 5 ta muhim tashabbus doirasida qisqa oʻquv kurslarida oʻqitish tashkil etiladi.
Yoshlar siyosatini baholash milliy indeksi joriy etiladi.
“Oʻzbekiston yoshlari – 2025” konsepsiyasi ishlab chiqiladi.
2020-yilda hududlarda 269 ta futbol, voleybol, basketbol va badminton maydonlari, 178 ta boks, kurash, fitnes va gimnastika sport zallari, 32 ta tennis korti qurish boʻyicha 500 milliard soʻmlik loyihalar amalga oshiriladi.
Sanoat rivojlanishining ekologiyaga taʼsirini oldini olish boʻyicha 2025-yilgacha moʻljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi hamda Ekologiya kodeksi loyihasi ishlab chiqiladi.
2020-yilda byudjet mablagʻlari hisobidan 22 ta teatr va madaniyat obyektlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi.
Davlat-xususiy sherikligi asosida 20 ta madaniyat markazi va istirohat bogʻlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Kinematografiyani 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini hamda “Kinematografiya toʻgʻrisida”gi qonun ishlab chiqiladi.
2020-yil Shahrisabz shahrida Ikkinchi xalqaro Maqom festivali oʻtkaziladi.
Mahmudxoʻja Behbudiyning 145-yillik tavallud sanasi keng nishonlanadi.
Kengash soʻrovi instituti joriy qilinadi.
Xulosa qilib aytganda, jonajon Vatanimizda, xususan, yurtimizning har bir goʻshasida olib borilayotgan obodonchilik, ulkan bunyodkorlik ishlariga havas va iftixor bilan qaraylik. Ushbu ishlar zamirida yurtdoshlarimizning fidokorona mehnatlari yotibdi. Barchamiz yurt ravnaqi yoʻlidagi ishlarga qoʻlimizdan kelganicha oʻz hissamizni qoʻshaylik. Shukronalik, ertangi kunga umid va ishonch hayotimizning shioriga aylansin.
Murojaatnomada taʼkidlanganidek, senator bu avvalo davlat va xalq ishonchini qozongan inson. Shunday ekan, men, muhtaram Prezidentimizning tarixiy Murojaatnomasini tinglab, qalban his qilgan holda xalqimiz oldida masʼuliyat va javobgarlik borligini yana bir bor angladim. Bu borada kecha-yu kunduz mehnat qilib, xalqimiz tomonidan bildirilgan ishonchni oqlashga bor kuch bilimim va salohiyatimni safarbar etaman.
Farxod BOQIYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi senati aʼzosi