Senatorlar ko‘tarayotgan dolzarb masalalar yechimi – xalqimiz manfaatlarini samarali ta’minlash demakdir
Senat yalpi majlisida Prezidentimiz mamlakatimiz taraqqiyotini belgilab beruvchi strategik vazifalarni belgilab berganiga e’tibor qaratildi.
– Uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, albatta, o‘z samarasini beradi, - dedi Senat Raisi Tanzila Norboyeva – Faqat mas’uliyat, faollik va tashabbuskorlikni susaytirmaslik lozim. Bunda, birinchi navbatda, xalqimiz bilan muloqotga tayanish, joylardagi dolzarb muammolarni o‘z vaqtida va samarali hal etib borish juda muhimdir.
Joylardagi muammoli masalalarni Senat yalpi majlisi minbariga olib chiqib, ularni mas’ul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda hal etishga qaratilgan amaliyot izchil davom ettirilmoqda. Xususan, o‘tgan yili ko‘tarilgan 11 ta va joriy yilda ko‘tarilgan 2 ta muammoli masala ko‘rib chiqilib, ularni ijobiy hal etish maqsadida tegishli choralar amalga oshirildi.
Ma’lumot uchun, 2025 - 2026-yillarda ko‘tarilgan jami 13 muammoli masalaning 6 tasi hal etildi. Qolgan masalalar yuzasidan ham tegishli ishlar davom etmoqda.
Masalan, o‘tgan yili qo‘mita raisi Qutbiddin Burhonov tomonidan ko‘tarilgan masala bo‘yicha alohida normativ-huquqiy asos yaratildi. Natijada kontent-provayderlar tomonidan mobil aloqa abonentlarini ularning roziligisiz turli pulli xizmatlarga ulash holatlariga barham berildi.
Qo‘mita raisi Orzigul Qozixonova tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonalarining moddiy-texnik bazasi bilan bog‘liq ko‘tarilgan muammoli masala ijobiy hal etildi. Natijada Mirishkor, Yakkabog‘, Dehqonobod, Nishon va Qamashi tumanlaridagi kutubxonalarga binolar ajratilib, ularning moddiy-texnik bazasi to‘liq yangilandi.
Senator Sayyora Abdukarimova tomonidan ko‘tarilgan, hududlarda veterinariya osoyishtaligini ta’minlash va chorva mollari o‘rtasida yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ham amaliy harakat boshlangan. Joriy yil yakuniga qadar 40 million bosh chorva mollari va 106 million bosh parrandalarni profilaktik emlash, veterinariya infratuzilmasini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy karantin ob’ektlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Albatta, bu kabi masalalar yechimi ortida ko‘plab insonlarning manfaati va hududlarni rivojlantirish maqsadi mujassam ekani, shu nuqtai nazardan mazkur amaliyotni yanada faollashtirish zarurligi qayd etildi.
Yalpi majlislarda ko‘tarilgan ayrim masalalar hanuz o‘z yechimini kutayotgani aytib o‘tildi Jumladan, o‘tgan yili Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi “Baxmal”, “Muzbuloq” va “Temirqadam” mahallalari aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihalarining yakuniga yetkazilmayotgani, Andijon viloyati Izboskan tumanidagi “Oqmozor ota” ziyoratgohida amalga oshirilishi belgilangan qurilish va restavratsiya ishlari mablag‘ ajratilmagani sababli to‘xtab qolgani, Baxmal tumani markazi bo‘lgan O‘smat shaharchasining Do‘stlik, O‘smat, Oqtosh, Nurobod, Fayzobod va Qutlug‘obod mahallalaridagi ichimlik suvi tarmoqlarini ta’mirlash, shuningdek, Izboskan tumanidagi “Poytug‘” hamda Oltinko‘l tumanidagi “Markaz” suv olish inshootlarini rekonstruksiya qilish masalalari hali yechimini kutayotgani ma’lum qilindi.
Yalpi majlisda ushbu masalalarni ijobiy hal yetish, tez fursatda yakuniga yetkazish ma’sullarga eslatib o‘tildi.
Xalq vakillari – senatorlar ko‘tarayotgan bunday dolzarb masalalar yechimi xalqimiz manfaatlari samarali ta’minlanishi demakdir.
Norgul Abduraimova, O‘zA