Senator va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
“30 iyun – Yoshlar kuni” munosabati bilan “Parlamentda yoshlarning o‘rni” loyihasi doirasida viloyat Yoshlar markazida Oliy Majlis Senati a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, O’zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi deputati Ulug‘bek Sotiboldiyev hamda Senat huzuridagi yoshlar parlamenti a’zolari Xilola Obidova, Jo‘rabek Sanginov va Temur Razzoqovning yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Ulug‘bek Sotiboldiyev “Yoshlar kuni” munosabati bilan Mamlakatimizda yosh avlodga berilayotgan e’tibor yanada ortganligini ta’kidlab o‘tdi.


Shuningdek, Prezidentimizning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 100 ta maqsadida ko‘zda tutilgan yoshlarni zamonaviy kasblar va chet tillarga o‘qitish tizimini yaratish va intellektual salohiyatini oshirish, ularning ilmiy faoliyatini rag‘batlantirish, yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ishsizlik darajasini kamaytirish kabi bandlarini 2024 yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da samarali amalga oshirish yuzasidan viloyatda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga ham to‘xtaldi.


Yoshlar masalasi har bir davlat uchun, shu jumladan, O‘zbekiston uchun ham eng muhim yo‘nalish hisoblanadi. Chunki biz qo‘yayotgan qadam, amalga oshirayotgan islohotlarimiz o‘z natijasini berishi uchun harakatni yoshlarni qo‘llab-quvvatlashdan boshlashimiz lozim. Shu bois, jamoatchilik nazoratini ishga solib, mavjud muammolarni o‘z vaqtida ayta olish va ularga yechim borasida takliflarni o‘rtaga tashlashimiz lozim, – dedi Ulug‘bek Sotiboldiyev.
Uchrashuv savol-javoblar, munozaralar va takliflarga boy tarzda o‘tdi.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri.