Senator va deputatlar murojaatlarni joyida o‘rganmoqda
Farg‘ona viloyatidan saylangan Oliy Majlis Senati a’zolari, deputatlar joylardagi muammolarni o‘rganmoqda.
Mamlakatimizda qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish, dardu tashvishlarini eshitish xalq vakillarining muhim vazifasi sanaladi. Keyingi paytda aynan senator va deputatlar odamlarni qiynayotgan dolzarb masalalar bo‘yicha jamoatchilik bilan olib borilayotgan faol muloqotning tashabbuskori bo‘lmoqda.

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Manzura Salimova, O‘zbekiston «Adolat» sotsial demokratik partiyasi Farg‘ona viloyati Kengashi raisi, viloyat kengashi deputati Sherzod Karimovlar o‘zlariga biriktirilgan shahar-tumanlarda bo‘lib, aholi bilan suhbatlashdi.
Bag‘dod tumanidagi o‘rganishlar davomida tuman hokimi Vosiljon Nazarov bilan birgalikda fuqarolarning ishsizlik, kasb-hunarga o‘qitish, imtiyozli kredit olish singari masalalardagi murojaatlari tinglandi hamda mutasaddi tashkilot vakillari tomonidan huquqiy tushunchalar berildi. Qo‘qon shahrida ham murojaatlarga imkon qadar ijobiy yechim topildi. Jumladan, shahar musiqali drama teatri bosh rejissyori G‘iyos Mirzamahmudov salkam ikki yildan buyon mazkur lavozimda faoliyat yuritib keladi. Asli Namanganning Chortoq tumanidan bo‘lgan fuqaroning muqim yashash joyiga ega emasligi oilasini ko‘chirib kelishida muammo tug‘dirmoqda. Uning uy ajratilishi masalasida senatorga murojaati yuzasidan mas’ullarga zarur topshiriq berildi. Murojaatchiga qulaylik yaratish maqsadida yashash uchun ijaraga olinadigan uyning haqi shahar hokimligi tomonidan to‘lab beriladigan bo‘ldi.

O‘rganishlar O‘zbekiston tumanida davom etdi. Shaxsiy yoki mahallasiga taalluqli arzining javobsiz qolmasligidan umidvor bo‘lgan aholi bilan tashkil etilgan suhbat samimiy o‘tdi. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, qaror va farmonlar mazmun-mohiyati tushuntirildi. Ular o‘zlarini qiynab kelayotgan masalalar yuzasidan senator va deputatlardan atroflicha javob oldi.
– Tumanimizdagi Qosim Afg‘on ko‘chasining 600 metr qismini asfalt qilish lozim edi, – deydi «Afg‘on» mahallasi aholisi nomidan Adhamjon Shariyorov. – Bu bo‘yicha Oliy Majlis Senatiga murojaat qilgan edik. Senator Manzura Salimova biz bilan suhbatlashib, dardimizni tingladi. Umidimizni puchga chiqarmadi. Ko‘chamizning asfalt qilinishiga hokimiyat va homiylar mablag‘lari yo‘naltiriladigan bo‘ldi. Endi bizning yo‘llarimiz ham ravon bo‘ladi.
Shuningdek, hududlardagi uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirishga doir ustuvor vazifalarning amalga oshirilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish hamda xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari huzuridagi «Xalqparvar» komissiyalar faoliyati tahlil qilindi. Tuman-shaharlar byudjetlari mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirish ustidan nazorat tashkil etilganligi o‘rganilib, faollar ishtirokida muhokama etildi.
M. Sulaymonov, O‘zA