Senator olmazorliklarga qonunlar mazmunini tushuntirdi
Qonun va huquqiy-me’yoriy hujjatlarda mustahkamlangan tartib-qoidalardan xabardorlik odamlarning o‘z haq-huquqlaridan to‘g‘ri foydalanishiga xizmat qiladi.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov Olmazor tumani xalq deputatlari Kengashi deputatlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, tashkilot va muassasalar mas’ul xodimlari, tuman faollari va jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi. Unda Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida ma’qullangan qonunlar, xususan, «Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunning mazmun-mohiyati tushuntirildi.
– Ushbu qonun bilan Mehnat, Fuqarolik va Soliq kodekslariga hamda amaldagi «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi, – dedi senator. – Mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalar aholining ijtimoiy himoyasini yanada mustahkamlash hamda fuqarolarning va tadbirkorlik sub’ektlarining ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 yanvardagi «Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorining ahamiyati to‘g‘risida fikr yuritildi. Ta’kidlanganidek, 2022 yilda xizmatlar sohasini rivojlantirish orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda har bir tuman va shahar kesimida (Toshkent shahridan tashqari) 73 ming 730 ta yangi xizmat ko‘rsatish ob’ektini tashkil etish hisobiga 937 mingdan ziyod ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda mahalliy hokimiyat idoralari hamda xalq deputatlari tuman Kengashi bilan hamkorlikda qilinadigan ishlar borasida ham so‘z bordi.
Muhtarama Komilova, O‘zA