Senator mahalliy kengashlar faollari bilan muloqot o‘tkazdi
Jamiyat taraqqiyoti, mamlakat rivoji qonun ustuvorligi bilan kafolatlanadi. Har qanday global sharoitda, har qanday vaziyatda inson huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga yanada jiddiy e’tibor qaratish muhim vazifalardan sanaladi.
Oliy Majlis Senatining shu yil 13 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan o‘ttiz ikkinchi yalpi majlisida ushbu yo‘nalishlarning huquqiy asosini takomillashtirishga oid bir qator masalalar atroflicha ko‘rib chiqilgandi.

Yalpi majlisda ma’qullangan qonunlar va ko‘rib chiqilgan masalalarning mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirish, Senat, Senat Kengashi va qo‘mitalarining qarorlari hamda hududlarga biriktirilgan elchixonalar tashabbusi bilan ilgari surilgan loyihalar ijrosini, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlashga oid ishlar holatini, shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan muammolarni o‘rganish, Senatga kelib tushgan murojaatlarni joyida ko‘rib chiqish va bu borada tegishli amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar viloyatlarda xizmat safarida bo‘lib turishibdi.
Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mahmudjon Parpiyevning xalq deputatlari viloyat, shahar va tumanlar Kengashlari kotibiyatlari rahbarlari, doimiy komissiyalar a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv-muloqoti ishtirokchilar faolligida, savol-javoblar asnosida davom etdi.

Senator tomonidan «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi,«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi kabi qonunlar atroflicha sharhlab berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining 2022 yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti, ayniqsa, davlat organlari va tashkilotlari tizimida 2022 yilning birinchi yarmida murojaatlar bilan ishlash holati tanqidiy muhokama qilingani bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Senator deputatlik korpuslari faollariga yalpi majlis tafsilotlari va ko‘rilgan masalalar mazmun-mohiyati haqida qiziqarli tarzda tafsilotlar taqdim etgach, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan turli masalalar yuzasidan ham savollar bilan murojaat etdilar.
Nosirjon DEHQONOV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi