Senator Davlat xizmatlari markazlari faoliyatini o‘rgandi
Oliy Majlis Senati a’zosi Matluba G‘aniyeva Andijon viloyatining Oltinko‘l va Shahrixon tumanlari Davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurib, u yerda davlat xizmatlari ko‘rsatilishi holati, sifati va qonunchilikda belgilangan tartib va asoslarda faoliyat yuritilishi bo‘yicha o‘rganishlar olib bordi.
O‘rganish davomida Oltinko‘l tuman Davlat xizmatlari markazida mijozlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Markaz barcha zarur texnik jihoz va vositalar bilan ta’minlangan bo‘lib, bu yerda jismoniy va yuridik shaxslarga 160 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Bir vaqtning o‘zida 20 nafar, bir kunda 400 fuqaroga xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Zamonaviy jihozlangan keng va yorug‘ xonalar, kutish zallari, investorlar xonasi mijozlarning xizmatlar bilan bog‘liq har qanday og‘irini yengil qilishi, shubhasiz.
Mavjud monitorlar orqali esa davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi yangiliklar, davlat xizmatlari olish tartiblari to‘g‘risidagi roliklar muntazam namoyish etib boriladi. Markazdagi kutubxona, sport va bolalar uchun ajratilgan maydonchalarning mavjudligi bu yerga keluvchilarning vaqtini mazmunli o‘tishiga xizmat qiladi. Shuningdek, aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida mazkur binoda Davlat xizmatlari markazidan tashqari tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi, Bosh vazir qabulxonasi, adliya bo‘limi va notarial idoralar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-2569]
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA