Senator aralashgach, masala ijobiy hal etildi
Jizzax viloyati Baxmal tumanida istiqomat qiluvchi U.Murotovning ijtimoiy tarmoqlar orqali qilgan videomurojaati keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Jizzax viloyati Baxmal tumanida istiqomat qiluvchi U.Murotovning ijtimoiy tarmoqlar orqali qilgan videomurojaati keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
U murojaatida Baxmal tumani hokimligi, “Yermulkkadastr” DK tuman filiali xodimlarining xatti-harakatlaridan norozi boʻlib, uning yer maydoni tortib olinayotganini taʼkidlagan.
Mazkur masala Oliy Majlis Senati aʼzosi S.Suyarova boshchiligida Baxmal tumani hokimligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash tuman boʻlimi, “Yermulkkadastr” DK tuman filiali mutasaddilari hamda “Navbahor” MFY faollari ishtirokida oʻrganildi.
Maʼlum boʻlishicha, fuqaro oʻziga tegishli oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha Davlat xizmatlari agentligi Baxmal tumani boʻlimiga murojaat qilgan.
Ushbu murojaat ishchi guruh tomonidan oʻrganib chiqilgan va unga tegishli oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi boʻyicha Baxmal tumani hokimining 2018-yil 29-dekabrdagi qarori bilan jami 1,32 ga yer uchastkasining 0,06 ga yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi tiklangan va ortiqcha 1,26 ga yer uchastkasi tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilishi koʻrsatib oʻtilgan.
Shu bilan birga, “Yermulkkadastr” tuman filiali tomonidan fuqaro U.Murotovning mol-mulki qayta-qayta kadastr qilingan va ayrim xatoliklarga yoʻl qoʻyilgan. Natijada unda uy-joyi qoʻshnilari va hokimlik tomonidan tortib olinmoqda, degan tasavvur paydo boʻlgan. Vaholanki, uning mulkini hokimiyat xodimi yoki tuman hokimi tomonidan tortib olish istagi yoʻq. Qolaversa, “Yermulkkadastr” DK Baxmal tumani filialining boshligʻi F.Oʻsarov kamchiliklarga yoʻl qoʻyganligi tufayli ishdan boʻshatilgan.
Senator S.Suyarova tomonidan mazkur masala nazoratga olinib, U.Murotovning kadastr hujjatlarini qayta koʻrib chiqish, bu borada unga koʻmak koʻrsatish zarurligi yuzasidan tegishli mutasaddilarga koʻrsatmalar berildi.