Senatning o‘n oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi
Bugun, 2026-yil 13-iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda. Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlisda sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish, aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan qator muhim qonunlar muhokama qilinadi.

Shu bilan birga, sud mustaqilligi va sudyalar daxlsizligini ta’minlash, ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada takomillashtirish va xalqaro moliyaviy munosabatlarga oid qonunlar ham majlis kun tartibiga kiritilgan.

Yalpi majlisda ipakchilikni rivojlantirish, pilla yetishtirish va qayta ishlash samaradorligini oshirish, ozuqa bazasini yaxshilash hamda eksport salohiyatini kengaytirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ham ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, senatorlar Markaziy bankning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitadi.
Majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida saytimizda yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!
N.Abduraimova, F.Abdurasulov (surat), O‘zA