Senat yalpi majlisida bir qator qonunlar ma’qullandi
Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida bir qator qonunlar senatorlar tomonidan ma’qullandi. Xususan,“O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokama qilindi.
Qonun chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomini aniqlash, respublikadagi mehnat faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, mamlakatdan chiqish va unga kirishni tashkil etish tizimi va mexanizmlarini tartibga solish, shuningdek, mehnat organlarining faoliyatini rivojlantirish zaruriyatidan kelib chiqib ishlab chiqilgan.
Qonunning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Hujjatda O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning asosiy huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari, ularga siyosiy boshpana berish, ularning O‘zbekiston Respublikasida kirish va chiqishlari, mehnat faoliyati va boshqa huquqlari batafsil belgilangan.
Yalpi majlisida “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan o‘tishning faqat elektron tarzda ishlaydigan maxsus “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Qonun yuridik shaxslarning filiallari va vakolatxonalari uchun alohida litsenziya va ruxsatnoma olish talabini hamda litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning elektron shaklda berilishi munosabati bilan litsenziya shartnomasini tuzish institutini bekor qilmoqda.
Majlisda “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokama qilindi.
Mazkur qonunning qabul qilinishi psixiatriya yordamining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha normativ-huquqiy bazaning takomillashtirilishiga, shu jumladan, ixtiyoriy, g‘ayriixtiyoriy va majburiy psixiatriya yordami ko‘rsatishga, sohada manfaatdor vazirlik va idoralarning hamkorligini ta’minlashga imkon beradi.
“Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.
N.Nasriyev, O‘zA