Senat yalpi majlisi boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma sakkizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis kun tartibiga 13 masala kiritilgan.
Videokonferens-aloqa tarzida o‘tkazilayotgan majlisda ko‘rib chiqiladigan masalalar ichida “Soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risida”, “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunlar bor.
Bir qancha qonunlar mavjud qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida.
Shuningdek, majlisda Vazirlar Mahkamasining Davlat byudjetining 2021 yil yakunlari bo‘yicha ijrosi to‘g‘risidagi, Davlat byudjetining 2022 yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlari ko‘rib chiqiladi.
Daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi ob’ektlariga salbiy ta’siri yuzasidan hamda iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohasida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborilishi kutilmoqda.
Eksport hajmining barqaror o‘sishini ta’minlash va uning nomenklaturasini diversifikatsiyalash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan, homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda go‘daklarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam holati yuzasidan hamda mamlakatimizda gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini ta’minlash holati va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovlari natijalari ko‘rib chiqiladi.
Majlisda ko‘rib chiqiladigan masalalar haqida batafsil uza.uzda yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!
N.Abduraimova, O‘zA