Senat qo‘mita raisi Kattaqo‘rg‘onda islohotlar jarayoni bilan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bahrom Abdullayev Samarqand viloyatiga safari chog‘ida xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on shahar Kengashi deputatlari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, hududlarni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish, bandlikni ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda mahallalarda mavjud muammolarni manzilli hal etish borasida fikr almashildi. Xususan, Kattaqo‘rg‘on shahrida ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar asosida amalga oshirilayotgan ishlar, hudud infratuzilmasini yaxshilash, yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish hamda aholining turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan ma’lumotlar berildi.
Kattaqo‘rg‘on shahridan xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylangan deputatlar va shahar Kengashi deputatlari o‘z saylov okruglarida olib borayotgan ishlari, fuqarolar bilan uchrashuvlar davomida aniqlanayotgan muammolar hamda ularning yechimi yuzasidan amalga oshirilayotgan deputatlik nazorati haqida so‘z yuritdi.

Bahrom Abdullayev hududlarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar ijrosi, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, aholi bandligi, ijtimoiy himoya va fuqarolar murojaatlari bilan ishlash borasida mahalliy kengashlar deputatlarining faolligi, deputatlik nazoratini amalga oshirishi muhimligini ta’kidlab, xalq vakillariga zarur tavsiyalar berdi.
Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida ham bo‘lib, bu yerdagi ta’lim jarayonlari, muassasa moddiy-texnik bazasi holati bilan yaqindan tanishdi. Shaharda ijtimoiy sohani rivojlantirish, yoshlarning bilim olishi va kasbiy salohiyatini oshirish, ta’lim sifatini yanada yaxshilash borasidagi vazifalar yuzasidan institut professor-o‘qituvchilari va kattaqo‘rg‘onlik faollar bilan fikr almashildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri