SENAT: Mahalliy Kengashlar 108 rahbarga intizomiy jazo koʻrish boʻyicha takliflar kiritgan
Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisida Tanzila Norboyeva mahalliy Kengashlar bilan hamkorlik borgan sari yangi yoʻnalishlarda rivojlanib borayotganini taʼkidladi.
Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisida Tanzila Norboyeva mahalliy Kengashlar bilan hamkorlik borgan sari yangi yoʻnalishlarda rivojlanib borayotganini taʼkidladi.
– Joylardagi deputatlarimiz Senat majlislarida ishtirok eta boshladi. Jumladan, bugungi majlisimizda ham mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari vakillari qatnashmoqda. Senat qoʻmitalarining deyarli barcha nazorat-tahlil tadbirlari mahalliy Kengashlar bilan bamaslahat va bevosita hamkorlikda oʻtkazilmoqda. Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar hududlarga biriktirilib, mahalliy Kengashlar ishini samarali tashkil etish boʻyicha ish olib bormoqda. Umuman, mahalliy Kengashlarga har tomonlama koʻmaklashish borasidagi harakatlarimiz oʻzining amaliy natijalarini bera boshladi.
Xususan, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida mahalliy Kengashlarning 1 ming 700 dan ziyod sessiyasida 9 mingdan ortiq masala muhokama etildi. Qariyb 4 ming marta mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarining hisobot va axborotlari eshitildi, 660 nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazildi. Mutasaddi idora va tashkilotlar rahbarlariga 21 mingdan ziyod deputatlik soʻrovi yuborildi.
Yana bir jihat. Mahalliy Kengashlar sessiyalari qarorlari bilan ijro organlarining 108 rahbariga nisbatan intizomiy jazo choralarini koʻrish, jumladan, 25 mansabdor shaxsni lavozimidan ozod etish boʻyicha takliflar kiritildi, – dedi Senat Raisi.