Senat: Bugun qanday masalalar ko‘rib chiqiladi?
Kuni kecha Toshkent shahrida Oliy Majlis Senatining o‘ttiz oltinchi yalpi majlisi boshlangan edi. Bugun – 28 dekabr kuni yalpi majlis o‘z ishini davom ettirmoqda.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilayotgan majlisni Senat raisi Tanzila Norboyeva olib bormoqda va jarayon Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha Prezidentimizning Mrojaatnomasidan kelib chiqadigan ustuvor yo‘nalishlar, “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni ko‘rib chiqildi.
“2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi, “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida”gi, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi, “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar ma’qullandi.
“Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunda kamchiliklar mavjudligi hisobga olinib, senatorlar tomonidan rad qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi bitim (Toshkent, 2022 yil 29 mart) ratifikatsiya qilindi.
Yalpi majlis ikkinchi ish kunida “Soliq va byudjet siyosatining 2023 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini tasdiqlash haqida, mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha belgilangan loyihalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar, 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining 2022 yildagi ijrosi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha 2023 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlarni tasdiqlash haqidagi masalalar ko‘rib chiqiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA