SENAT: Bolalar huquqlari himoyasi kuchaytiriladi (+video)
Toshkent shahrida 2026-yil 18-19-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Senat raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlisning birinchi ish kunida elektron tijorat, bola huquqlari, madaniy meros, odil sudlov, raqamli markirovkalash, ko‘chmas mulk, fitosanitariya tizimi, tergov hibsxonalari bilan bog‘liq qonunlar ma’qullandi.
Shu bilan birga, avtomobil bozoridagi firibgarliklarning oldini olishga qaratilgan huquqiy asos yaratildi. Kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlik kuchaytirildi. Mahalliy kengashlarning ijtimoiy mavqei oshirildi, hududiy muammolarni hal etishda vakillik nazoratining ta’sirchanligi kuchaytirildi.
Yalpi majlisning ikkinchi ish kunida kreativ iqtisodiyot, Yangi taraqqiyot banki, umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat bilan bog‘liq qonunlar ko‘rib chiqildi.
Kreativ industriyaga oid qonun xalqaro va davlatlararo madaniy tadbirlarni tashkil etishda adolatli raqobatni ta’minlashga xizmat qiladi.
Yangi taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lish mamlakatimiz uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, infratuzilma va barqaror rivojlanish sohalaridagi yirik loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Aytib o‘tish kerakki, umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat bilan bog‘liq qonunda davlat organlarining vakolatlari, harbiy ro‘yxatni yuritish tartibi, idoralararo axborot almashinuvi hamda fuqarolar huquqlariga daxldor ayrim normalarni qayta ishlash zarurligi sababli bu hujjat senatorlar tomonidan rad etildi.
Majlisda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziriga qurilish sohasida korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yuzasidan, Vazirlar Mahkamasiga tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi holati yuzasidan parlament so‘rovlari yuborildi.
Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning 2025-yilda bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi majlisda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu, tabiiy hol, albatta. Chunki, bu kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlodning huquqlari ta’minlanishi bilan bog‘liq masaladir.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar tomonidan 1 ming 934 murojaat kelib tushganini qayd etdi. Murojaatlarni o‘rganish natijasida aniqlangan bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 19 jinoyat ishi hamda 26 ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Bundan tashqari, 20 jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv olib borish uchun yuborilgan. Internet tarmog‘ida o‘tkazilgan monitoring natijasida aniqlangan bola huquqlarining buzilishiga oid holatlar yuzasidan 23 jinoyat ishi hamda 28 ma’muriy ish qo‘zg‘atilishi ta’minlangan.
Senat raisi Tanzila Norboyeva mazkur masala bo‘yicha munosabat bildirib, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish kerakligini ta’kidladi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan bolalar huquqiga daxl qilmaslik, ular psixologlar, pedagoglar bilan birgalikda ish olib borishi zarur. Bolalar o‘rtasidagi inqirozli holatlarni erta aniqlash borasida nima ishlar qilinyapti, yondashuvlar nima bo‘layapti, buni ham Vazirlar Mahkamasi tizimida ko‘rib chiqilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Va, albatta, xalqaro tajribani doimiy ravishda o‘rganib borish kerak. Bolalar ombudsmani bolalar huquqlariga rioya qilish masalasini doimiy monitoringini har doim olib borishi va amaliy mexanizmlarni takomillashtirish bo‘yicha doimiy ravishda tahlillar asosida takliflar kiritib borishi zarur.
Senatorlar tomonidan bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasidagi islohotlar hamda bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi yuzasidan qator fikr va takliflar bildirildi.
Majlisda Oliy sud tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
Shu bilan Senatning o‘n beshinchi majlisi yakuniga yetdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/O8NS5oLtWZ8" title="SENAT: Bolalar huquqlari himoyasi kuchaytiriladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova, Nosirjon Haydarov (surat),
Doniyor Yoqubov (video), Salim Obidjonov (montaj), O‘zA