Selfimaniya yoxud ruh ekologiyasi
Endi bu voqealarni bugunning oʻn besh-oʻn olti yoshlardagi oʻgʻil-qizlariga aytsangiz yoki eshitsa, xuddi ertakdek beparvo qarab oʻtishadi.
Maʼnaviyat
Endi bu voqealarni bugunning oʻn besh-oʻn olti yoshlardagi oʻgʻil-qizlariga aytsangiz yoki eshitsa, xuddi ertakdek beparvo qarab oʻtishadi. Biroq har qancha “ertak” tuyulmasin, masalaning tag-zamirida nima borligini ham bilib qoʻygan yaxshi. Yapon mutaxassislari 2020-yil oxiriga borib 18 yoshga toʻlganlar orasida saraton xastaligiga chalinganlar soni oshib ketishini taxmin qilishmoqda.
Darvoqe, rivojlangan davlatlarda telefon, rasmga tushish, video tasvirlarning odamzod sogʻligʻiga taʼsiri dolzarb muammolarning biriga aylanib ulgurdi. Darhaqiqat, ular uchun bular hech qanday hayrat sanalmaydi. Kiyinish, har xil taqinchoqlar taqish, tana aʼzolariga tatuirovka yozdirish, imijlarni oʻzgartirishga shunchaki “oddiy yumush” deb, qarashadi. Bizda esa milliy qadriyat va anʼanalarimizga sodiq qolgan holda oilada, dars mashgʻulotlarida “imij”larga meʼyor bilan qaraladi, baʼzilariga cheklovlar ham qoʻyilgan. Demak, kiyinishu yurish-turish, rasmiy yigʻinlar dars mashgʻulotlaridan tashqarida har kimning oʻz shaxsiy ishidir, deb qaraymiz. Chunki u saylga, ziyoratga, sayohatga yoki boshqa bir madaniy dam olish maskanlariga yoʻl olmoqda. Koʻz oldingizda roʻy berayotgan “antiqa” odatlarni “moda” deb qabul qilish, unga “beparvo” qarab oʻtish qalbingizdagi hayrat tuygʻusini ham parmalab tashlamoqda...
Bugungi kunda dunyoda shunday ruhiy xastalik avj olib bormoqdaki, buni fanda “selfimaniya” deb atashadi. “Selfi” soʻzi ingliz tilidan olingan boʻlib, “maftun boʻlish, oʻzini sevish” degan maʼnolarni anglatadi. “Maniya” esa xastalikdir. Demak, “selfimaniya” soʻzining mohiyatida virtual olamga mukkasidan ketgan isteʼmolchining bugungi qiyofasini tushunish mumkin. Qiyofa esa shaxsning barkamolligini, tarbiyaviyligini, odob va bilimli ekanligini ham anglatadi. Qiyofaning oʻzgarishi, zamon bilan birga boʻlishga intilishi natijasida “selfimaniya” xastaligi kelib chiqadi.
Yaqinda uchta voqeaning guvohi boʻldim. Samarqand shahrining ziyoratgoh joylarini aylanayotgan yurtdoshlarimiz orasida xorijlik sayyohlar ham bor boʻlib, ular “oʻz-oʻziga” maftun boʻlib borayotganini namoyish qilishmoqda edi.
Birinchi voqea: Doniyol paygʻambar maqbarasiga kiraverishda anhor ustidagi koʻprikda ikki-uchta qizcha qoʻllariga “selfi” tayoqchalarini olib, alohida-alohida rasmga tushishmoqda.
Ikkinchi voqea: Amir Temur maqbarasi oldida bir guruh talaba-yoshlar “selfi” tayoqchalariga telefonlarini oʻrnatishib, tinimsiz rasmga tushishardi. Ularning ziyoratga kelishdan maqsadi “oʻz-oʻziga” maftun boʻlib, turli xil rasmlarga tushib, ijtimoiy tarmoqlarda doʻstlariga ulashish, birga koʻngil yozish uchun qilayotgani shundoq harakatlaridan sezilib turardi. Ularni boshlab kelgan oʻqituvchisining ham gaplariga quloq solmay, faqatgina oʻzlari bilan oʻzlari ovora edi. Tarixiy maʼlumotlarni oʻz koʻzlari bilan koʻrib, oʻrganib, muayyan bilimlarga ega boʻlishdan ham muhimroq ishi ularni hayratga solayotgan “selfi” tayoqchalari va undagi telefon edi.
Uchinchi voqea Shohi Zinda qabristonida boʻlib oʻtdi. Boshqa viloyatlardan kelgan yosh-yosh oʻgʻil-qizlar bu yerda ham “selfi” tayoqchalarini olib, eng soʻnggi rusumdagi telefonlarda rasmga tushishar, maqbara va qabrlar kimlarga tegishli, u yerda qanday ulugʻ insonlarning xoki yotibdi, sira qiziqmasdilar. Faqat virtual olamga tezroq chiqishga, suratlarni namoyish qilishga boʻlgan intilishlari shundoq yuz-koʻzlaridan, oʻzaro muomalalaridan aniq-tiniq sezilib turardi.
“Ruh ekologiyasi” bu nom Gʻarbu Sharqni birdek tashvishga solmoqda. Hozirda tabiiy ofatlardan ham koʻra odamzodni jiddiy tashvishga solayotgan eng dolzarb muammolardan biri inson ruhiy dunyosi bilan bevosita bogʻliq. Bular: tobelik, mutelik, qaramlilik, loqaydlik, beparvolikdir. Tobelik ijtimoy tarmoqlarga mukkasidan ketish, ongu tafakkurini uning tashvishi bilan oʻylashga undashi, mutelik va qaramlilik eng yomon illatlardan biri boʻlib, kishi unda oʻzini erkin his qilolmaydi, koʻngil va yuragi doim ikkinchi va boshqa shaxsning bevosita boshqaruvi ostida faoliyat yuritadi. Loqaydlik va beparvolik natijasida oʻz tinchligiga xavf tugʻdiradigan turli xil gʻoyaviy illatlarning asiriga aylanadi.
“Selfimaniya” xastalagi bilan ogʻrigan odamlarda sabr va toqat degan narsa asta-sekinlik bilan asabiylikni yuzaga keltiradi. Shuningdek, oʻzidan boshqani tan olmaslik, oʻzini oʻta bilimli va aqlli koʻrsatishi, oila va ishxonasida, oʻquv muassasalarida “mendan zoʻri yoʻq” degan notoʻgʻri qarashlarning girdobiga shoʻngʻishi ham tushuniladi. Oʻrtada ahillikka, odamiylikka, bagʻrikenglikka putur yetadi. “Oʻz yuragidan tashqariga badargʻa qilingan odamning robotdan farqi qolmaganidek”, oʻz hissiyotlarini oʻtkinchi tuygʻularga almashgan, faqat qalbu shuurida bitta tushuncha “men”ning ustuvorligi ham insonni fikrlashdan, ongli ravishda mulohaza yuritishdan mahrum qiladi.
Bugungi dunyo tamadduni virtual dunyoning yuzaga kelishida, yanada rivojlanishida, hissiyotsiz qalblarni “kashf” etishda, faqat zararli oqibatlarga, ruhiy muammolarni yuzaga keltirishda muayyan taʼsirini oʻtkazib kelmoqda. Virtual dunyoning ichiga kirgan isteʼmolchi oʻz “men”i bilan ovora. Uning nazdida “dunyo bir marta yashab oʻtiladigan manzil”dir.
Umuman, yoshlarga bularni oʻz vaqtida tushuntirish, oilada ota- onaning zimmasidagi eng katta masʼuliyatli vazifa sanaladi. Oʻquv dargohlarida ularning “maniya” girdobiga kirib ketmasligiga, virtual olam va tashqi dunyoning havaslarini teranroq anglatishga fidoyi ustozlar tomonidan tushunchalar berib borilsa, maqsadga muvofiq boʻladi. Asosan, maktab, kollej va litseyda tahsil olayotgan oʻquvchi yoshlarda “maniya”ga taslim boʻlish koʻp kuzatiladi. Psixologlarning taʼkidlashicha, bola oʻzining qiziqishlarining izidan ergashadi, uning uchun boshqa ehtiyojlarning birlamchi xususiyati yoʻq, shu bois, yoshlarga bu haqda koʻproq tavsiyalar berib borish foydalidir.
Xursandbek TOʻLIBOYEV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori.