Sektorlar faoliyati “g‘alvir”dan o‘tkazildi
Bu yil poyoniga yetib, yangi 2023 yil tobora yaqinlashmoqda. Yil davomida “Amalga oshirdik!” degan ishlarimizni endi g‘alvirdan o‘tkazib, saragini sarakka, puchagini puchakka ajratadigan payt keldi.
Jizzax viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish ana shu maqsadga qaratilib, yakunlanib borayotgan yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida sektorlar faoliyatida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.
Unda sektorlar faoliyatini baholashda samaradorlik ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor qaratilib, amalga oshirilgan ishlar tegishli indikatorlar orqali xolisona tahlil qilindi.
– Joriy yilning birinchi yarmidan boshlab shahar va tumanlar sektorlar rahbarlari faoliyati samaradorligini baholashning yangicha tartibi ishlab chiqilib, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari rahbarligida ishchi guruhi tashkil etildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax filiali rahbari Erkin Xolbo‘tayev. – Ushbu ishchi guruhi sektor rahbarlari tomonidan olib borilayotgan ishlar, shaxsiy tashabbuslarni mahallalarga chiqqan holda o‘rganib, 10 ballik tizim asosida baholab bormoqda hamda umumiy reyting shakllantirilyapti.

Ushbu hisobot yig‘ilishida past natijaga erishgan sektorlarning faoliyati tanqid qilinib, ularga xalq bilan yanada yaqinlashish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish, fuqarolarimizning ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamini tadbirkorlikka yo‘naltirish, o‘zini o‘zi band qilish borasidagi ishlarni qo‘llab-quvvatlash, kerak bo‘lsa ularga amaliy yordam ko‘rsatish va shu kabi muammolar bo‘yicha aniq ko‘rsatma va vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollariga yaqindan yordam berish, ochiqlik va oshkoralik tamoyiliga amal qilish, har bir ishning yechimiga adolat va shaffoflik bilan yondashish kabi masalalar muhokama qilindi.
A.Qayumov, O‘zA