Sektor rahbarlari yoshlar muammolarini o‘rgandi
Toshkent fotosuratlar uyida yoshlarning taklif va muammolarini o‘rganish, iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida "Sektor rahbarlari va yoshlar" uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Mirobod tumani sektor rahbarlari va yoshlari ishtirok etdi.

Samimiy muloqot davomida Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Durdona Rahimova hamda Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov mamlakatimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va ulkan imkoniyatlar haqida gapirdi.

Qayd etilganidek, Mirobod tumanida 2024 yil davomida 206 marotaba sektor rahbarlari va yoshlar uchrashuvlari o‘tkazilgan. Ushbu uchrashuvlarda ko‘tarilgan 954 ta masala mutasaddilar tomonidan ijobiy hal etilgan.

Bugungi uchrashuvda ham yoshlar sektor rahbarlariga o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan murojaat qilishdi. Jumladan, murojaatlarning aksariyati OTMlarda o‘quv shartnomasi to‘lovini qoplashda yordam ko‘rsatish bo‘yicha bo‘ldi.

Tuman hokimi tomonidan ushbu masalalarni ijobiy hal etish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Tadbir davomida voleybol va stritbol musobaqalarida Mirobod tumani sha’nini munosib himoya qilib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan g‘olib yoshlarga tuman hokimi nomidan esdalik sovg‘alar topshirildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA