Sayyor qabullar muammolar yechimini osonlashtiradi
O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Sh.Hamroyev va vazir o‘rinbosari R.Qarshiyev Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida o‘tkazgan sayyor qabulda 35 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari tinglandi.
Jumladan, tumandagi “Ibn Sino” MFY O‘zbekiston ko‘chasi, 2-uyda yashovchi fuqaro X.Tilovov “Tilla bobo” fermer xo‘jaligining 60 gektar maydonida meliorativ holat yomonlashganligi sababli, paxta, g‘alla va boshqa qishloq xo‘jalik ekinlaridan ko‘zlangan hosilni yetishtirish imkoni bo‘lmayotganini aytib, hududdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini tozalashda amaliy yordam so‘radi.
Ushbu hududdagi “Nishon nuri” fermer xo‘jaligi rahbari X.Xo‘janov ham shunday masalani ko‘tardi. Xo‘jalikning 28 gektar ekin maydonida meliorativ holat yomonlashgan.
Mazkur murojaatlar yuzasidan vazir Sh.Hamroyev Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Meliorativ ekspeditsiyaning Nishon tumani uchastkasi boshlig‘i Z.Po‘latovga bir kun muddatda ishchi guruh tuzib, muammoni joyida o‘rganish va ma’lumot kiritish bo‘yicha topshiriq berdi. Murojaatchilarga soha mutaxassislarining tegishli xulosalaridan kelib chiqib, yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishini ma’lum qildi.
Tumanning “Kaptarli” MFY Oltinsoy ko‘chasi, 7-uyda yashovchi fuqaro M.Xo‘jamberdiyev ham hududdagi lotok tarmoqlarining aksariyat qismi yaroqsiz holga kelib qolganligi uchun ularning ta’mirlanishida yordam so‘radi.
Ushbu masala yuzasidan vazir o‘rinbosari R.Qarshiyev hududdagi irrigatsiya tarmoqlari, jumladan, lotok tarmoqlarini klaster va fermer xo‘jaliklariga xususiy sheriklik asosida berish bo‘yicha sa’y-harakatlar boshlanganligi, shu bilan birga, hozirgi kunda qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘orishda zamonaviy sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanishga e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi. Murojaatchiga soha olimlarining ilmiy tadqiqotlari natijasida mavjud lotoklarning umrini uzaytirish usullari ishlab chiqilganligi, tez orada Nishon tumanida ham bu borada amaliy chora-tadbirlarga kirishilishi ma’lum qilindi.
– Murojaatchilarga sayyor qabul davomida kelib tushgan barcha arizalar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi,– deydi O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari R.Qarshiyev. – Har bir muammo mas’ul xodimlar tomonidan albatta o‘rganib chiqiladi.Eng achinarlisi, sohada uzoq yillardan beri o‘z yechimini kutayotgan muammolar bor. Bu kabi sayyor qabullar fuqarolarning muammolarini yechishga ko‘maklashadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA