Sayyor qabulda murojaatlar nazoratga olindi
Aholining muammolarini bartaraf etish va takliflarini o‘rganishda joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Sobir Shukurov ishtirokida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda murojaatlarning aksariyati joyida hal etildi. Ayrim masalalar nazoratga olinib, tegishli tashkilotlarga topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Navoiy viloyatidagi Xalq qabulxonasi hamkorligida tashkil etilgan sayyor qabulda Navoiy shahri va Karmana tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolar ishtirok etdi. Fuqarolar asosan moddiy yordam, kontrakt to‘lovi, qabristonni obodonlashtirish va unga olib boradigan yo‘lni shag‘allashtirish, uy-joyni ta’mirlash, yo‘lni kengaytirish va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida dehqon bozoridan rasta ajratish, ishga joylashtirish va boshqa bir qator masalalarda murojaat qildi.
[gallery-4959]
– Ikki nafar farzandim kasb-hunar kollejini tugatgan, ammo hozirgacha ishsiz, – deydi karmanalik Zebuniso Mustafoyeva. – Ularning biri 25 yosh, ikkinchisi 21 yoshda. Mavsumiy yumushlarni bajarishadi. Qish faslida ishlar kamayib, moliyaviy tomondan qiynalib qolamiz. Shu boisdan bugungi qabulda ikki farzandimni doimiy ish bilan ta’minlashga amaliy yordam so‘rab murojaat qildim. Mutasaddi tashkilotlar ko‘magida yordam berilishini aytib, murojaatim nazoratga olindi.
Uchrashuvda Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolar bugungi kunda o‘tkazilayotgan bu kabi sayyor qabullar o‘z samarasini berib, fuqarolarning og‘irini yengil qilishda muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidlashdi.
– Biz, Navoiy shahridagi “Yoshlik” mahallasida istiqomat qilamiz, – deydi bir guruh nuroniylar nomidan Safar bobo Haqberdiyev. – Qabristonimiz o‘tgan asrning 30 yillarida qurilib, ancha xarob ahvolga kelib qolgandi. Mutasaddilarga uni obodonlashtirish masalasida murojaat qilgan edik, yo‘q demay yordam qilishdi.
Aholimiz ham qarab turishmadi. Ular ham qo‘llaridan kelgunicha obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etdi. bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining ijobiy natijasini bermoqda. Fursatdan foydalanib barcha mas’ul rahbarlarga, xususan Yurtboshimizga o‘z minnatdorligimizni bildirmoqchimiz.
Sayyor qabulda Navoiy shahridagi “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Dilorom Roziqova ishtirok etib, obdonlashtirish boshqarmasida 0,5 shtat birligida ishlashini, qizi kontrakt asosida ta’lim olishini bildirib, ishini to‘liq shtat birligiga o‘tkazilishida va qizining kontrakt to‘lovini to‘lashda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.
Uchrashuvda Navoiy shahar va Karmana tumani Xalq qabulxonasi rahbarlari murojaatlarni alohida-alohida qayd etib, ularni tegishliligi bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga yo‘naltirib, ijobiy hal qilinishini bildirishdi.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA.