Sayyor qabul: murojaatlar nazoratga olindi
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari ommaviy sayyor qabul o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Ma’naviy - ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i general-mayor Davron Nazarmuxamedov G‘ijduvon tumanining 3 sektoriga qarashli “Beshtuvo” mahallasida sayyor qabul o‘tkazdi.

Buxoro viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov, tuman sektor rahbarlari, tegishli tashkilotlar mas’ullari qatnashgan sayyor qabulda 60 nafardan ortiq fuqarolar tomonidan 25 ga yaqin murojaatlar yo‘llandi.
Fuqarolar tomonidan davolanishda amaliy yordam berish, IIOlariga ishga kirish, elektr ta’minoti, imtiyozli kredit asosida tikuv mashinasi, mototsikl olib berishda amaliy yordam, bir martalik moddiy yordam ajratish bilan bog‘liq murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.

Qabul davomida aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik, arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkasi ham tashkil etildi.
Shuningdek, 3 nafar fuqarolarga imtiyozli kredit asosida tikuv mashinasi, 2 nafar fuqaroga elektromototsikl olib berildi.

Qo‘shimcha o‘rganish va qonuniy qaror qabul qilinishida vaqt talab etiladigan murojaatlar ish yurituviga qabul qilindi. Ularni hal etish bo‘yicha mas’ul idoralar rahbarlariga zaruriy ko‘rsatma va topshiriqlar berildi. Ijrosi alohida nazoratga olindi.
Zarif Komilov,
O‘zA