Sayyor qabul muammolarni hal etishning samarali usuli
Mamlakatimizda xalq bilan muloqotning samarali mexanizmi yaratildi. Xususan, viloyat, shahar va tumanlarda Prezident Xalq qabulxonalari faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani aholi kundalik turmushi, fuqarolar huquq va manfaatlarini ta’minlash, xizmat sohasi, tadbirkorlik rivojidagi muammo hamda kamchiliklarni bartaraf qilish orqali taraqqiyotni jadallashtirishga xizmat qilmoqda. Ayni jarayonda joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar ham xalq ichiga kirib borish, uning tashvish va muammolarini chuqur o‘rgangan holda tegishli idora va tashkilotlar bilan bamaslahat hal etishning natijador vositasi sifatida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida Prezidentning Buxoro viloyati Qorako‘l tumani Xalq qabulxonasi sektor rahbarlari bilan tasdiqlangan rejaga asosan joriy yilning o‘tgan davrida hududlarda 88 marotaba sayyor qabul tashkil qilgan.

--O‘tkazilgan sayyor qabullar jarayonida bandlik, sog‘liqni saqlash, uy-joy bilan ta’minlash, tadbirkorlik, kredit, yo‘l qurilishi, gaz, elektr energiya ta’minoti, moddiy yordam bilan bog‘liq 611 murojaatlar kelib tushgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qorako‘l tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri A.Oqqiyev. -- Murojaatlarni nazoratga olinib, bugungi kunda 307 tasi tegishli tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqildi. 197 tasi ya’ni 64 foizi ijobiy hal qilindi.
Bunga misol tariqasida 3-sektor rahbari bilan “Yangiqal’a” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda fuqaro Sobir Bozorovning yashash xonadoniga olib boruvchi ko‘cha yo‘lini ta’mirlab berishni so‘rab qilgan murojaatiga asosan tegishli tashkilotlar jalb qilingan holda joyida o‘rganib chiqildi. Natijada 200 metr yo‘lga shag‘al yotqizildi.

Shuningdek 3-sektor rahbarining “Yangibozor” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazgan sayyor qabulida mazkur hududda yashovchi 1-guruh nogironi Shahrinoz Hamroyevaga nogironlik aravachasi olib berish bo‘yicha qilgan murojaati ham ijobiy hal etildi.
Bundan tashqari, 2-sektor rahbari bilan “Sayyod” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan qabulda Mehrigul Teshayevaning 1988 yilda o‘tkazilgan 10000 kVattli elektr uzatish liniyasi Quyi Sayyod ko‘chasida yashovchi 14 ta aholi xonadoniga yomg‘ir va shamolli kunlarda hamda yozning issiq kunlarida xavf tug‘dirishi hamda buning natijasida 2019 yilda bir nafar fuqaro vafot etganligi sababli, ushbu elektr uzatish liniyasi o‘tuvchi 14 ta beton simyog‘och ustunlarini boshqa joyga ko‘chirilishi masalasidagi murojaati tegishli tashkilotlar hamkorligida hal etildi.
Zarif Komilov, O‘zA