Sayyor qabul: Chorbog‘ “Turizm qishlog‘i”ga aylanadi
Mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor sohani iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylantirib, yurtimizning tarixiy obidalari, arxeologik boy yodgorliklari, go‘zal tabiati, milliy qadriyat va an’analarimiz bilan yaqindan tanishtirishda muhim omil bo‘layotir. Mahalliy va xorijlik sayyohlarning tibbiy turizm imkoniyatlaridan foydalanib, salomatligini tiklashiga xizmat qilmoqda. Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek To‘rayevning Sherobod tumanidagi baland tog‘larga tutash Chorbog‘ mahallasida o‘tkazgan sayyor qabulida ana shu haqda so‘z bordi.
Ochiq muloqotda Prezidentimizning joriy yil 30 apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati tushuntirildi. Ichki va tashqi turizmni qo‘llab-quvvatlab, rivojlantirish uchun berilayotgan imtiyoz, preferensiyalar, turizm qishlog‘i maqomi hamda sohada davlat-xususiy sheriklik asosida xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Chorbog‘ mahallasi vohaning boy turistik salohiyatga ega hududlaridan biri. Xo‘jaikon tuz g‘ori sanatoriysi bronxial astma, bronxit, arteriya, gipotenziya, yurak ishemik va teri kasalliklariga shifoligi bilan dong taratgan. Bu yerda nafaqat mamlakatimiz aholisi, balki qo‘shni davlatlardan ham kelib, o‘z dardiga malham topayotganlar bor. Tog‘lar qo‘ynidagi so‘lim tabiat manzarasi ekoturizm shaydolarini o‘ziga maftun etib keladi. Mahalliy aholi Chaqirtosh ota ziyoratgohidagi buloq suvining oshqozon-ichak va keng adirlikdan sizib chiqadigan shifobaxsh suvning buyrak kasalliklariga davoligini ta’riflaydi.

– Buyragim shamollab, tosh paydo bo‘lgan ekan, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Ahmad To‘raboyev. – Termiz shahriga borib davolanayotgan edim. Ha, deganda tosh tushib ketmadi. Shundan so‘ng uyga kelib, to‘g‘ri buyrak suvga bordim. To‘yib ichdim. Birpasdan so‘ng og‘riq pasayib, tanam yengillashgandek bo‘ldi. Bir hafta har kuni shu suvdan ichib, tibbiy ko‘rikdan o‘tdim. Toshdan asar ham qolmabdi. Suv maydalab tushirib yuboribdi. Hozir katta sayyohlik salohiyatiga ega hududimizga “Turizm qishlog‘i” maqomini olishga harakat qilayapmiz. Shu maqsadda tadbirkorlarimiz turistlarga turli zamonaviy sifatli xizmatlar ko‘rsatadigan shoxobchalarni tashkil etyapti. Bu hududimizda xizmatlar ko‘rsatish samaradorligini oshirish barobarida aholining bandlik masalasini hal etishga ham ko‘maklashmoqda.

Mahalladagi 773 xonadonda 3 ming 708 kishi yashaydi. Ikkita sanatoriy, 6 ta oshxona, 16 ta savdo do‘koni, bitta mehmonxona, 14 ta oilaviy mehmon uyi mavjud.
Sayyor qabulda mahallaning 50 dan ortiq vakili ishtirok etib, 20 ga yaqin muammoni o‘rtaga tashladi.

– Tuz toshidan turli zeb berilgan tungi chiroqlar yasashni yo‘lga qo‘ydik, – deydi Sanjar Jumayev. – Suvenir shaklida yasaladigan bu mahsulot yoqib qo‘yilsa, lampochkasi qizigach, tarkibida tabiiy yod bo‘lgani uchun tuz toshi ion tarqatib, nafas yo‘li kasalliklarini davolaydi. Lekin uni yanada ko‘proq ishlab chiqarish uchun zamonaviy shakl beradigan va tuz toshini kesadigan qo‘shimcha uskunalarga ehtiyoj sezyapmiz. Yangi uskunalar xarid qilsak yana uch kishini ish bilan ta’minlashimiz mumkin. Shu maqsadda 80 million so‘m imtiyozli kredit ajratilishiga yordam so‘radik.

Bu masala joyida o‘rganilib, mutasaddilarga hunarmandchilikni rivojlantirishi uchun belgilangan tartibdagi imtiyozli kredit ajratish vazifasi topshirildi. Murojaatchilarning yana bir guruhi oilaviy mehmon uylari tashkil etish uchun uylarining kadastr hujjatlarini to‘g‘rilash masalasini o‘rtaga tashladi. Shuningdek, savdo, maishiy, avtomobillarga texnik xizmatlar ko‘rsatish, sport komplekslari barpo etish kabi yo‘nalishlarda ham murojaatlar bo‘ldi. Ularga huquqiy maslahatlar berilib, sayyohlarga xizmat ko‘rsatish tartiblari tushuntirildi.
Ochiq muloqot yakunida mas’ullar tuz koni sanatoriysi g‘orida davolanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. “Xo‘jaikon tuz koni” korxonasining ayni paytda bo‘sh turgan sobiq idora binosidan turizm sohasiga xizmat ko‘rsatish uchun foydalanish masalalari o‘rganildi. Mahallaga “Turizm qishlog‘i” maqomini berish, hududning turistik salohiyatini yanada oshirib, bu yerning boy imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish masalalari muhokama etilib, tegishli vazifalar belgilab olindi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA